“O`zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning huquqiy holati to`g`risida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi
Qonunga ko`ra, ikki yoki undan ortiq davlat fuqaroligiga ega chet el fuqarolari qaysi davlat fuqaroligiga mansubligi to`g`risidagi hujjatlar bo`yicha O`zbekistonga kirgan bo`lsa, O`zbekistonda o`sha davlatning fuqarolari hisoblanadi.
O`zbekistondagi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta`minlanadi.
O`zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga yoki fuqaroligi bo`lmagan shaxslarga – ular 16 yoshga to`lganida yoki ota-onasining, vasiylarning (homiylarning) ixtiyoriga ko`ra – bola tug`ilgan paytidan e`tiboran va 16 yoshga to`lguniga qadar identifikasiyalovchi karta beriladi.
Identifikasiyalovchi karta quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:
- yangi tug`ilgan bir yoshgacha bo`lgan bolalarga – 2 yilga;
- bir yoshdan 16 yoshgacha bo`lgan shaxslarga – 5 yilga;
- 16 yoshdan 60 yoshgacha bo`lgan shaxslarga – 5 yilga;
- 60 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yilga.
Qonunga ko`ra, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar:
● O`zbekiston hududi bo`ylab erkin harakatlanish huquqiga ega;
● O`zbekiston hududida O`zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda mulk huquqidan foydalanadi;
● nodavlat notijorat tashkilotining muassislari, ishtirokchilari (a`zolari) bo`lishi mumkin;
● davlat organlariga, tashkilotlarga hamda ularning mansabdor shaxslariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega;
● davlat xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega;
● soliq imtiyozlaridan foydalanishi mumkin.
Shuningdek, O`zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar O`zbekiston fuqarolari bilan teng ravishda pensiya olish huquqiga ega.
18 yoshgacha bo`lgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo`lmagan shaxs O`zbekistonda turish qoidalarini buzganlik uchun ma`muriy javobgarlikka tortilmaydi.






