Ijtimoiy tarmoqlarda Chortoq tumani H.Olimjon Agrofirmasi hududidagi “Baland adir” massivida “GOLDEN NUTS NAMANGAN” tomorqa agroxizmati MChJ ishtirokida qurilgan issiqxonalar bo`yicha Chortoq tuman hokimligi quyidagilarni ma`lum qilmoqda.
"Chortoq tumanida aholining ish bilan bandligini ta`minlash maqsadida “Obod diyor” MFY hududidagi “Baland adir” massivida 2020 yilda 1000 ta kichik hajmdagi issiqxonalar barpo etib foydalanishga topshirilgan.
Mazkur issiqxonalarni bunyod etish uchun jami 13,4 mlrd so`m mablag` sarflangan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida mazkur tashkil etilgan issiqxonalarda 1000 ta yangi ish o`rinlari yaratilib, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turgan fuqarolarni ishga joylashtirish choralari ko`rildi. Kelib ketuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida tuman markazidan “Baland adir” massiviga bepul avtobus qatnovi yo`lga qo`yildi. Issiqxonalarda bodring, pomidor va boshqa turdagi sabzavot ko`chatlari birnchi hosil sifatida ekilib, daromad olishga erishilgan. Hozirda ikkinchi hosillar ham parvarishlanib bodring va pomidorlar pishib etilish arafasiga keldi.
Joriy yilning 31 may va 2 iyun kunlari bo`lib o`tgan kuchli shamol natijasida issiqxonalarning 30-35 foiz qismiga jiddiy zarar etgan.
Bu kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha tuman hokimligida muhokama yig`ilishi o`tkazilib, amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklar tahlil qilib chiqildi. Kuchli shamol oqibatlarini bartaraf etish maqsadida issiqxonalarda jadal ekish va ta`mirlash ishlari olib borilmoqda"






