Yoshi o`tgan sari insonning taomga nisbatan talablari kuchayib, injiq bo`lib borayotgandek tuyuladi. Aslida esa, bu ularning qaysarligi sabab emas, balki organizmidagi fiziologik o`zgarishlar tufayli sodir bo`ladi.
Jondan aziz bo`lgan qariyalarimizning talablariga mos tarzda ular uchun dasturxon tuzashimiz uchun zarur tavsiyalar olish maqsadida SSV Matbuot xizmati Sog`liqni saqlash vazirligi bosh nutrisiologi, Toshkent tibbiyot akademiyasi Ovqatlanish gigienasi va bolalar, o`smirlar gigienasi kafedra professori Guli Shayxovaga murojaat qildi.
— Keksalar uchun taomnoma tuzishda qator omillarni hisobga olish zarur, — deydi G.Shayxova. — Jumladan, qarilik davrida taomni chaynash a`zolarida o`zgarishlar kuzatilishi sababli mahsulot tanlash va ularni qayta ishlash usullariga talab kuchayadi. Oson hazm bo`ladigan va engil o`zlashtiriladigan mahsulot va taomlar afzal ko`riladi. Hazm qilish fermentlari ta`sirida chopilgan go`sht va baliq, tvorog nisbatan tez o`zlashtiriladi. Ichaklar faoliyatini me`yorida saqlash va engillashtirish uchun suyuqliklar monand iste`mol qilinishi kerak.
Keksa odamlarga ziravorlarni ham me`yoridan ortiq iste`mol qilish tavsiya etilmaydi. Tayyor taomlarga ta`m berish maqsadida xushbo`y ko`katlardan foydalanish ma`qul. Taomlar o`ta issiq yoki sovuq bo`lmasligi kerak.
Qariyotgan organizm keragidan ortiq taom iste`mol qilishga ta`sirchan bo`lib, bu nafaqat semirishga, balki yoshlarga nisbatan tezroq ateroskleroz, gipertoniya, yurakni ishemik kasalliklari, qandli diabet, o`t va siydik qopi toshi, podagra hamda boshqa xastaliklarga olib kelib, oqibatda organizm yanada tez qariy boshlaydi.
Sabzavotlardan qand lavlagi, sabzi (qirilgan holda), oshqovoq, gul karam, pomidor, pyure holidagi kartoshka iste`mol qilish afzal. Xo`l mevalar, jumladan, ularning shirin navlari, sitruslilar, olma va boshqa mevalar tavsiya etiladi. Rasionda karam biroz cheklangan bo`lishi kerak, chunki u bijg`ish jarayonlarini kuchaytiradi.
— Qanday mahsulotlarni kamroq egan va aksincha, nimani ko`proq iste`mol qilgan ma`qul?
— Qarilikda oqsillarni o`z-o`zini yangilash jarayonining pasayishi, birinchi navbatda, go`sht va go`sht mahsulotlariga bo`lgan ehtiyojni qisqarishini taqozo etadi. Oqsilga boy mahsulotlarni me`yoridan ortiq iste`mol qilish qariyotgan organizmga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Shuning uchun keksalar oqsil me`yorini 1 kg tana vazniga 1 gr.gacha kamaytirishlari lozim.
Bundan tashqari, hayvon va parrandalar go`shtini birmuncha cheklash zarur. Go`shtli taomlarni suvda pishirish maqsadga muvofiq. Keksalar rasionidagi oqsilning 30 foizi sut mahsulotlari hisobiga bo`lishi kerak. Bunda, birinchi navbatda, kunda 100 gr atrofida yog`sizlantirilgan tvorog iste`mol qilish maqsadga muvofiq.
Har kuni 300 ml sut ichish organizmga zarur darajada kalsiy tushishini ta`minlaydi va suyak sinishlarining oldini olishda muhim rol o`ynaydi. Ayniqsa, nordon sutli mahsulotlar — kefir, qatiq juda foydali. Kunda 200 gr kefir yoki boshqa sut mahsulotlarini kechqurin yoki yotishdan oldin qabul qilish tavsiya etiladi.
Keksalar tuxum sarig`ini eyishni cheklashi kerak, uning oq qismini esa xohlagan miqdorda iste`mol qilishi mumkin. Rasiondagi oqsillarning yarmini o`simlik oqsillari, ya`ni yormalar va dukkaklilar tashkil etishi kerak. Yormalardan eng foydalisi grechka va suli mahsulotlaridir. Ulardan tayyorlangan bo`tqalarga sut qo`shilsa, tarkibidagi aminokislotalar me`yorlashadi. O`simlik oqsilining asosiy manbalaridan biri non hisoblanadi. Ayniqsa, javdar unidan tayyorlangan non aminokislotalar tarkibi bo`yicha to`la qimmatga ega va V vitamini, mineral moddalar hamda tolalarga juda boy.
Bir kunda ovqat qabul qilish 4-5 martadan oshmasligi va u ma`lum bir vaqtda iste`mol qilinishi shart. Uyqudan oldin ovqat tanovvul qilish mumkin emas. Nonushta va kechki ovqat oralig`idagi vaqt 10 soatdan oshmasligi kerak.






