1

Sirdaryoda ijarachi uy egasini chuv tushirdi

Jinoyat 12.03.2016, 14:15
Sirdaryoda ijarachi uy egasini chuv tushirdi

U uysiz-joysiz ko`chada qolganida rahm-shafqat qilib, uyining to`ridan joy bergan ayolning tilla buyumlarini o`g`irlab, shu bilan boyib ketaman deb o`ylagandi.
 

Zilola (ism-shariflar o`zgartirilgan) asli zominlik edi. Ota-onasi tengi chiqsa tekin ber maqoliga amal qilib, qizlarini tezda turmushga berib yuborishdi. Ammo Zilolaning baxti kulmadi. 

Turmush o`rtog`i bilan kelisholmay, ajrashib, ota uyiga qaytib keldi. Bir paytlar o`zi yayrab-yashnab o`sgan uyda uni xuddi begonalar kabi qabul qilishdi. U yaqinlaridan sira ham bunday munosabatni kutmagandi. Ayniqsa, akasining xotini olaqarash qilganda dunyolarga sig`may ketardi. Otasi nogiron, onasi uy bekasi, ular hech qaerda ishlamas edilar. Har zamonda akasi birovlarning yumushini qilib, topgan puli katta ro`zg`orga urvoq ham bo`lmasdi. O`zi ishlay desa, qo`lida biror hunari yo`q.

Zilola o`ylab-o`ylab, pul topish maqsadida Guliston shahriga yo`l oldi. Bir nechta tamaddixona, oshxonalarga bosh suqib, ish izladi. Shunday oshxonalardan biri ularga idish yuvuvchi kerakligini, ammo ish kech tugashini aytishdi. Zilola pulga muhtoj bo`lganidan ularning barcha shartlariga rozi bo`ldi. “Endi uy-joy masalasini hal qilsam bo`ldi”, deb o`yladi Zilola. Uning Guliston shahrida hech kimi yo`q edi. U oshxona yonida joylashgan ko`chalardan biriga yo`l oldi. Tavakkal qilib, darvozalardan birini taqillatdi. Darvoza ochilib, ostonada xushro`ygina, keksaroq ayol paydo bo`ldi.

– Xolajon, menga ijaraga arzonroq  uy kerak, edi. Dehqon bozorning oldidagi oshxonada idish yuvaman, – Zilola ayol bilan salomlashib olgach, boshidan kechirganlarni oqizmay-tomizmay gapirib berdi.

Ayol tabiatan yumshoqko`ngil bo`lgani bois, qizga judayam achindi.

– Qizim, meni Muqaddas, xola deb chaqirsang ham bo`laveradi. Uyda mendan tashqari qizim Sanobar va jiyanim Dilfuzalar ham yashashadi. Mayli, biz bilan yashay qol, sharoiting og`ir ekan. Oyiga ellik  ming so`m bersang bo`ldi , – deb Zilolaga tasalli berdi Muqaddas xola.

Ayolning gaplaridan Zilolaning boshi ko`kka etdi. U zudlik bilan ko`ch-ko`ronini ortib, xolaning uyiga ko`chib keldi. U bir haftada uy egalari bilan apoq-chapoq bo`lib ketdi. Xonadon sohibalari ham uni o`zlarining yaqinlariday qabul qilishdi. Ammo...

“SINALMAGAN OTNING SIRTI”DAN O`TGANLAR

Shu bir hafta mobaynida Zilola uy egalari pullarini, qimmatbaho buyumlarini qaerda saqlashlarini bilib oldi. Muqaddas xola ham, qizi ham halol, pok odam bo`lishganidan Zilolaning qo`lidan biror yomon ish kelishiga ishonishmagandi. Ular tilla buyumlarini mehmonxonada turgan servant ichidagi choynakda saqlashardi.  

Kun o`tgan sayin Zilolaning yuragiga shayton g`ulg`ula solaverdi: “Sen ertadan kechgacha tik oyoqda, qo`ling suvdan chiqmay, idish yuvib, arzimagan pul topasan. Choynak ichidagi tilla buyumlarni o`g`irlasang, og`ir mehnat azobidan qutulasan”. Zilola payt poyladi va uyda hech kim yo`qligidan foydalanib, choynak ichidagi Muqaddas xola va qizi Sanobarga tegishli bo`lgan 1 juft 1.500.000 so`mlik tilla sirg`ani, 1 juft 500.000 so`mlik kumush sirg`ani, 1 dona 500.000 so`mlik tilla uzugini, 1 dona 350.000 so`mlik va 1 juft 350.000 so`mlik tilla sirg`alarini yashirin ravishda o`g`irladi. 

Zilola o`g`irlagan tilla taqinchoqlarini Guliston shahar dehkon bozorida tilla oldi-sotdisi bilan shug`ullanuvchi notanish ayolga 1 juft 1.500.000 so`mlik tilla sirg`ani, 1 dona 350.000 so`mlik tilla sirg`ani, jami 670.000 so`mga sotib yubordi. Qolgan 1 juft 500.000 so`mlik kumush sirg`ani, 1 dona 500.000 so`mlik tilla uzukni va 1 juft 350.000 so`mlik tilla sirg`alarni  ijarada yashayotgan uyning ko`chasi boshidagi quduq ichiga “Qolgan taqinchoqlar tilla bo`lmasa kerak”, degan o`yda tashlab yubordi. 

QING`IR IShNING QIYIG`I

Zilola Muqaddas xola bilan qizi Sanobar tilla buyumlar yo`qolganini bilib qolishsa, qay holatga tushishlarini tasavvur qildi. “Eh, qolgan taqinchoqlarni bekor quduqqa tashladim, ularni joyiga qaytarib solib qo`yganimda, balki o`g`irlik qilganim bilinmasmidi?” deb o`yladi. So`ng ortiga qaytib, quduq ichidan taqinchoqlarni olishga harakat qildi. U erdan bir dona 500.000 so`mlik tilla uzukni va bir juft 350.000 so`mlik tilla sirg`ani topdi, lekin 500.000 so`mlik kumush sirg`a topilmadi. Keyinchalik uning o`g`irlik qilgani ma`lum bo`lgach, u Muqqaddas xolaga quduq ichidan olgan tilla taqinchoqlarni qaytarib berdi. Muqaddas xolaning o`zi quduq ichidan sirg`ani izlayotgan paytda uni topdi, ammo qo`lini tok urgani sababli sirg`a yana quduq ichiga tushib ketdi. Shundan keyin u ariza bilan Guliston shahar ichki ishlar bo`limiga murojaat qildi. Zilolaga o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilib, sodir etgan jinoiy harakatlari uchun JKning 169-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan jinoyatni sodir etganligi yuzasidan hukm o`qildi...

Xalqimizda bir kun tuz egan joyingga qirq kun salom ber, degan naql bor. Muqaddas xola Zilolaga rahm qilib, uyidan joy, osh-ovqat berdi, lekin bu yaxshilikka Zilola o`g`irlik bilan javob berdi. Ba`zida ortiq darajada ishonuvchanlik, soddalik insonning o`z boshiga muammo orttirib olishiga sabab bo`ladi. 

Lola Shoimova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1