AsosiyJamiyat

Qarshida yo`lovchilar issiqda bir necha soat o`tirishga majburlangan Rossiya samolyotining asosiy va qo`shimcha dvigatellari buzilib qolgan

'Qarshida yo`lovchilar issiqda bir necha soat o`tirishga majburlangan  Rossiya samolyotining asosiy va qo`shimcha dvigatellari buzilib qolgan'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi xalqaro aeroportida samolyot o`t olmagani va yo`lovchilar samolyot ichida issiqda qolib ketgani haqidagi video tarqalgani haqida xabar berilgan edi.

Holat yuzasidan Transport vazirligi Axborot xizmati izoh  berdi

Xabar berilishicha, 2021 yilning  5 iyun kuni Rossiyaning “Royal Flight” aviakompaniyasi Qarshi xalqaro aeroportidan ABG-2604 Qarshi – Domodedovo reysini amalga oshirishi lozim bo`lgan. Shu kuni soat 13:32 da “Royal Flight”ning Boeing-767-300  rusumli samolyoti Qarshi xalqaro aeroportiga kelib qo`ngan. Aeroport tomonidan  barcha texnik va servis xizmatlari ko`rsatilgach, soat 16:10 da barcha yo`lovchilar samolyotga chiqarib bo`lingan.

Biroq respublikada kuzatilayotgan issiq  tufayli samolyotning asosiy va qo`shimcha dvigatellari qo`shilmay qolgan. Samolyot kompyuteri parametrlarini qayta terish va bir necha bor dvigatellarni qo`shishga qayta urinishlar ham issiqning haddan ziyod kuchayishi oqibatida samara bermagan. Asosiy va qo`shimcha dvigatellarni ishga tushirish imkoni bo`lmagan uchun samolyotning kondisioner tizimi ham ishlamagan.

Ta`kidlanishicha, xalqaro fuqaro aviasiyasi qoidalariga ko`ra, yo`lovchilar samolyotga chiqarilib, havo kemasi eshiklari yopilgach, yo`lovchilar xavfsizligi bo`yicha barcha qarorlar samolyot ekipaji komandiri tomonidan qabul qilinadi. Ekipaj komandiri yo`lovchilarni tushirish haqida qaror qabul qilgach, yo`lovchilar samolyotdan zudlik bilan tushirildi. Qarshi xalqaro aeroporti tomonidan yo`lovchilar uchun aerovokzalda barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan.  

Samolyot 6 iyun kuni tonggi soat 04:54 da belgilangan manzilga jo`nab ketdi va 329 nafar yo`lovchi Domodedovo aeroportiga sog`-salomat eltib qo`yildi, deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar