Poytaxtning «O`zgarish» va «No`g`oyqo`rg`on» mahallalari aholisini qiynab kelayotgan yoqimsiz hid muammosi nimalarga bog`liq ekanini o`rganish hamda mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahar hokimining topshirig`iga asosan ishchi guruh tashkil etilgan edi.
"O`zsuvta`minot" AJ axborot xizmati ma`lum qilishicha, Sanitariya-epideomiologik osoyishtalik va jamoat nazorati xizmati, ekologlar, boshqa turli soha mutaxassislaridan tashkil topgan ishchi guruh o`z faoliyatini uch yo`nalishda olib bormoqda.
Birinchi yo`nalishda «Salar» oqova suvlarni tozalash inshootining ish faoliyati to`liq o`rganilib, uskunalar, texnik va texnologik holat tahlil etilmoqda.
Ikkinchi yo`nalishda "O`zgarish” va «No`g`oyqo`rg`on» mahallalari hududidagi korxonalar faoliyati va ularning «Salar» oqova suvlarni tozalash inshootiga chiqarayotgan tashlamalari atroflicha o`rganilmoqda.
Uchinchi yo`nalishda Salar kanali ko`zdan kechirilib, unga noqonuniy chiqindilar tashlash holati aniqlanmoqda.
5 iyun kuni Toshkent shahar hokimligida o`tkazilgan yig`ilishdan so`ng, «Salar» oqova suvlarni tozalash inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati ma`lum muddatga to`xtatilgan edi. Kuzatuvlarga ko`ra, ular ishlamayotganda kechki payt inshootda hech qanday yoqimsiz hid sezilmadi.
Ayni paytda «Salar» inshooti atrofidagi barcha korxonalar faoliyati to`xtatildi va ishchi guruh hamma ob`ektlar, jumladan, inshoot faoliyatini atroflicha o`rganmoqda.






