Joriy yilning 9 iyun kuni korrupsiyaga oid qonun hujjatlari loyihalarini halqaro va milliy ekspertlar o`rtasida muhokamadan o`tkazish hamda xalqaro standartlarga mosligini aniqlash maqsadida mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Bu haqda Darakchi.uz muxbiri xabar bermoqda.
Ma`lumki, so`nggi 5 yil davomida davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiogen omillarga chek qo`yishga qaratilgan 70 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Masalan, 2017 yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi qonun.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tasdiqlangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha davlat dasturlari doirasida “Davlat xaridlari to`g`risida”gi, “Davlat-xususiy sheriklik to`g`risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta`minlash to`g`risida”gi, “Jamoatchilik nazorati to`g`risida”gi qonunlarning qabul qilinishi bilan korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi.
Anjumanda “O`zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to`g`risida”gi, “Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulki va manfaatlar to`qnashuvini deklarasiya qilish to`g`risida”gi qonun loyihalarimuhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihalari 2020 yil 29 iyunda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida ishlab chiqildi.
“O`zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi to`g`risida”gi qonun loyihasi O`zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini shakllantiruvchi maxsus vakolatli idoraning asosiy faoliyat yo`nalishlarini belgilovchi hujjat bo`lib, unda:
- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maqomi hamda faoliyatining huquqiy asoslari va asosiy prinsiplari;
- Agentlikning davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat sektor vakillari va fuqarolar bilan hamkorligi;
Shuningdek, Agentlikning davlat xizmatiga halollik standartlarini joriy etish va manfaatlar to`qnashuvini hal qilish, normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini ta`minlash, davlat xaridlari va byudjet mablag`laridan foydalanish, xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlarning kreditlari, davlat aktivlarini sotish jarayonida korrupsiyaga qarshi nazorat tizimini joriy etish va uning samaradorligini tahlil qilish bo`yicha vazifalari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan ma`muriy surishtiruv o`tkazish tartibi belgilab berilmoqda.
“Davlat xizmatchilarining daromadlari, mol-mulkini deklarasiya qilish va manfaatlar to`qnashuvi to`g`risida”gi qonun loyihasida quyidagi masalalar tartibga solinishi belgilanmoqda:
- davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklarasiya qilish hamda manfaatlar to`qnashuvi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning umumiy qoidalari;
- davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki to`g`risida deklarasiyalarni taqdim etish va ularni e`lon qilish tartibi;
- davlat xizmatida manfaatlar to`qnashuvining oldini olish
va ularni hal qilishning mexanizmlari; - davlat xizmatchisining vazifalarini bajarish vaqtidagi taqiqlar;
- sovg`alar olish va berish bilan bog`liq cheklovlar.
Qonun loyihalari mahalliy ekspertlar bilan bir qatorda, xalqaro tashkilotlar, xususan, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki va “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti ekspertlarining fikr-mulohazalari va takliflari asosida ishlab chiqilgan.






