O`zbekistonda 12-13 mart kunlari bo`lib o`tgan umumxalq xayriya hasharida 18 milliondan ko`proq yurtdoshimiz ishtirok etdi. Hashar ishtirokchilarining 11,5 milliondan ko`prog`ini yoshlar tashkil etdi.
“Mahalla” xayriya jamoat fondining ma`lumotiga ko`ra, hashar kunlari 43 ming gektardan ko`proq maydon obodonlashtirilgan. 27 ming kilometr uzunlikdagi ariq-zovurlar tozalangan. 9 mingdan ko`proq ziyoratgoh va qabriston tartibga keltirilgan. 18 million tupdan ziyod daraxtlarga shakl berilib, oqlangan.
Bog`lar, hovlilar, ko`p qavatli uylar atrofi, ko`cha, xiyobon va sayilgohlarga 22 million tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt ko`chati, o`n to`rt million tupdan oshiqroq gul ekilgan.
Hashar kunlari xalqimizning mehr-oqibat, muruvvat, muhtojlarni qo`llab-quvvatlash kabi ezgu qadriyatlari yanada keng namoyon bo`ldi. Urush va mehnat fronti faxriylari, boquvchisini yo`qotgan, kam ta`minlangan oilalarning turar joylari ta`mirlab berildi. Saxovat va Muruvvat uylarida yashovchilar, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, imkoniyati cheklangan, kam ta`minlangan va ko`p bolali oilalarga ijtimoiy yordam ko`rsatildi.
Xayriya hasharidan tushgan mablag`lar “Mahalla” jamoat fondining hisobraqamiga o`tkaziladi. Bu mablag`lar kam ta`minlangan fuqarolarni ijtimoiy himoyalash, mahallalar, aholi punktlari, ko`p qavatli uylar atrofi, guzarlar, mavzelar, bolalar maydonchalari, ziyoratgohlarni obodonlashtirish kabi xayrli ishlarga yo`naltiriladi.





