AsosiyDunyo

13 yoshli rassom millionerga aylandi

“Deti.mail.ru” nashrining xabar berishicha, Buyuk Britaniyada yashovchi Kiron Uilyamson endigina 13 yoshga kirgan bo`lsa-da, rassomlik qobiliyati bilan millionerga aylangan. 

Kiron impressionistik uslubda surat chizgani uchun Britaniya matbuoti uni “kichik Mone” deb atadi. Bola 5 yoshga to`lganida uni faqat futbol va rasm chizish qiziqtirgan. Birinchi mashg`uloti hozircha unga mashhurlik keltirmagan. 

Kironning ota-onasi hali u dunyoga kelmasdan avval, mahalliy rassomlar tomonidan chizilgan, o`zlari yashaydigan Norfolk grafligi tabiati manzarasi aks etgan suratlarni yig`a boshlashgan. Uy devorlarini bezab turgan ushbu suratlar bolakayni befarq qoldirmagan. Kiron olti yoshga to`lganda ota-onasidan molbert sotib olib berishni iltimos qilgan va tabiat manzaralari aks etgan suratlarini chiza boshlagan. Bolada tabiat in`om etgan iste`dod shu darajada yuqori bo`lganidan ushbu sohada bilim olishga hojat qolmagan. 

Uning suratlarini ko`rganlar unga “vunderkind” deb atay boshlashdi. Bu esa o`z navbatida unga moliyaviy omad keltirdi. Kironning 2009 yil auksionga qo`yilgan 16 ta surati 14 daqiqa davomida 18200 funt sterlingga sotilgan. 2010 yilda o`tkazilgan navbatdagi ko`rgazmada suratlar yarim soat ichida 150 ming funt sterlingga sotilib ketgan. 

U 11 yoshga etganida o`z ijod namunalari yordamida bir yarim million funt sterling ishlab topgan. Kironning eng qimmat kartinasi 45 ming funt sterlingga baholangan. Uning chizgan rasmlari xalqaro ko`rgazmalarda ishtirok etib, dunyoning eng katta rassomlik auksionlarida sotiladi. Bu suratlarni sotib olish uchun 10 minglab odamlar navbatda turishibdi. 

2011 yilda Kiron oilasi uchun o`zining sevimli rassomlaridan biri bo`lmish Edvard Sigou yashagan joydan uy sotib oldi. 

“Sevimli rassomim aynan men yurgan yo`laklardan yurganini, men chizayotgan osmonni u ham chizganini tasavvur qilishni juda xush ko`raman”, - dedi bolakay.

    Boshqa yangiliklar