Rossiya Federasiyasining Tolyatti shahrida 2005, 2006-2007 hamda 2008-2009 yillarda tug`ilgan o`smirlar va qizlar o`rtasida XIX xalqaro turnir bo`lib o`tdi. Quvonarlisi, unda O`zbekiston o`smirlar va qizlar terma jamoalari munosib ishtirok etdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
Musobaqada O`zbekistondan tashqari Qozog`iston, Ozarbayjon hamda Rossiyaning 26ta hududidan jami 176ta jamoa qatnashdi.
Xalqaro turnirda mamlakatimizning 2006-2007 yillarda tug`ilgan o`smirlar terma jamoasi 28ta jamoa orasida, xuddi shu yosh toifasidagi qizlar terma jamoasi esa 16ta jamoa orasida faxrli 3-o`rinni qo`lga kiritishdi.
2008-2009 yillarda tug`ilgan o`smirlar terma jamoamiz 28ta jamoa orasida g`oliblikka erishdi. Ular yarim finalda kuchli raqib bo`lgan Saratov jamoasini 32-21 hisobida mag`lub etgan bo`lsa, finalda Nijniy Novgorod jamoasini 22-16 hisobida engib, xalqaro turnirning bosh sovriniga sazovor bo`ldi.






