AsosiyDunyo

Eronga yangi Prezident saylandi

'Eronga yangi Prezident saylandi'ning rasmi

18 iyun kuni Eronda navbatdagi prezidentlik saylovi bo`lib o`tdi. Hozirgacha 28,6 million byulleten sanalgan va ayni vaqtda 60 yoshli siyosatchi Ibrohim Raisiy 17,8 million ovoz bilan etakchilik qilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi rasmiy natijani e`lon qilmagan bo`lsa-da, siyosatchilar Eron sud hokimiyatining rahbari Ibrohim Raisiyni prezidentlik saylovidagi g`alaba bilan tabriklashni boshlagan. Jumladan, Eronning amaldagi rahbari Hasan Ruhoniy va prezidentlikka nomzod Muhsin Rizoiy Raisiyni qutladi.

Ma`lumot uchun, Ibrohim Raisiy 2019 yildan beri Eron sud hokimiyatining rahbari bo`lib, undan avval bosh prokuror vazifasini bajargan. AQSh sanksiyalariga uchragan 60 yoshli siyosatchi o`zining saylov oldi dasturida qashshoqlik va korrupsiyaga qarshi kurashishga, to`rt yil ichida 4 million yangi uy qurishga va “Eronda kuchli xalq hokimiyati” ni barpo qilishga va`da bergan. 2017 yilda ham Ibrohim Raisiy prezidentlik uchun nomzodini qo`ygan, ammo Hasan Ruhoniyga yutqazgan edi. Ilgari rasmiy Tehron va oltita xalqaro vositachilar o`rtasida Eron yadro dasturi bo`yicha imzolangan bitimni qattiq tanqid qilgan Raisiy saylov boshlanishidan avvalroq agar AQSh bitimga qaytadigan bo`lsa, bitim shartlarini bajarishga tayyorligini bildirgan.

Qayd etish kerakki, prezidentlik poygasida dastlab 7 kishi bor edi, ammo hafta oxiriga borib 3 kishi o`z nomzodini qaytarib olishdi. Eron etakchiligi uchun esa 1980 – 1990-yillarda Islom inqilobi posbonlari korpusini boshqargan Muhsin Rizoiy, Eron Markaziy bankining sobiq rahbari Abdulnosir Himmatiy, parlament raisi o`rinbosari Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy va Eron sud hokimiyatining rahbari Ibrohim Raisiy o`z nomzodi bilan  ishtirok etishdi. Amaldagi Prezident Hasan Ruhoniy ushbu lavozimni ketma-ket ikki muddat egallagani tufayli saylovda qatnashmadi.

    Boshqa yangiliklar