Joriy yilning 20-27 iyun kunlari Nukus shahri 2003-2004 yillarda tug`ilgan yoshlar o`rtasida boks bo`yicha O`zbekiston kubogi bahslariga mezbonlik qiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.
– Ushbu musobaqaning Nukus shahrida o`tkazilayotganligi qoraqalpog`istonlik yosh bokschilarga, minglab boks ixlosmandlariga o`zgacha quvonch bag`ishlamoqda, – deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi boks federasiyasi ijrochi direktori Ikrom Shomuratov. – Boisi, hududimizda boks bo`yicha O`zbekiston chempionati maqomidagi nufuzli musobaqalarning o`tkazilmaganligiga ancha yillar bo`lib ketdi. Istagimiz, vatanimiz sharafini jahon maydonlarida ulug`lab kelayotgan Bahodir Jalolov, Murodjon Axmadaliev, Isroil Madrimov, Shahobiddin Zoirov kabi chempionlar qoraqalpog`istonlik yoshlar orasidan ham etishib chiqsin. O`zbekiston kubogiga jiddiy tayyorgarlik ko`rdik. Sportchilar uchun musobaqa haqiqiy ma`noda bayram bo`ladi. Bahslarda mamlakatimizning barcha hududlaridan 300 nafardan ortiq yoshlari qatnashishi kutilmoqda.
Eslatib o`tamiz, bundan ikki hafta muqaddam Navoiyda o`smirlar, kuni kecha Qarshida yosh qizlar o`rtasida O`zbekiston chempionati yakunlangan edi.






