AsosiyJamiyat

2016 yilda NNTlarni qo`llab-quvvatlashga 11 milliard so`m mablag` ajratildi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi yig`ilishi bo`lib o`tdi. 

2016 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlashga 11 milliard so`m mablag` ajratildi. Bu 2015 yilga nisbatan 10 foiz ko`p demakdir. 

Komissiya a`zolari Prezidentimizning shu yil 9 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom ona va bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirok etishini ta`minlashga e`tibor qaratdi. Bu yo`nalishda sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga ko`maklashish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, xalqimizning madaniy merosini ommalashtirish, jamiyatda millatlararo va konfessiyalararo do`stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi shaklida 2,3 milliard so`mlik mablag` ajratildi. 

Ushbu loyihalar doirasida tug`ma va irsiy kasalliklarni aniqlash, erta nikoh va qarindoshlar o`rtasidagi nikohning salbiy oqibatlaridan ogohlantirishga qaratilgan axborot va ma`rifiy materiallar, teledasturlar tayyorlanadi. Kam ta`minlangan oilalarning tug`ma yurak nuqsoni bor farzandlariga, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga ijtimoiy, ruhiy-pedagogik, huquqiy va ma`rifiy yordam ko`rsatish uchun qo`shimcha shart-sharoit yaratiladi. 

Shuningdek, Parlament komissiyasi a`zolari axborot xavfsizligi sohasida kadrlar tayyorlash, iqtidorli va tashabbuskor mutaxassislarni qo`llab-quvvatlash hamda rag`batlantirish, axborot xavfsizligini ta`minlash bo`yicha milliy tizimni yanada rivojlantirishga ko`maklashish, yoshlarning intellektual va innovasion salohiyatini oshirishga yo`naltirilgan loyihalarga alohida e`tibor qaratish zarurligini ta`kidladi. 

    Boshqa yangiliklar