Toshkentda o`zganing avtomobilini minib qochgan qonunbuzar fuqaro qo`lga olindi, deb xabar beradi poytaxt IIBB axborot xizmati.
Ma`lum qilinishicha, 21 iyun kuni soat 04:40 da Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga Lacetti rusumli avtomobil noma`lum shaxs tomonidan Shayxontohur tumani Alisher Navoiy ko`chasida olib qochilgani haqida xabar kelib tushgan.
Ko`rilgan tezkor choralar davomida soat 05:40 da Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari mazkur avtomobilni Yunusobod tumanida to`xtab turganini ko`rib qolgan.
Qoldirib ketilgan avtomobil ko`zdan kechirilayotganida 102 raqamiga 2000 yilda tug`ilgan farg`onalik Shavkatjon K. ismli fuqaro qo`ng`iroq qilib, yuqoridagi avtomobilni u olib qochganini va bundan pushaymon ekanligini ma`lum qilgan. Shavkatjon K. ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo`lga olingan.
Hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilgach, Shavkatjon K. Yunusobod tumani IIO FMBga etkazilgan.