AsosiySport

Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti O`zbekistonga keldi

'Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti O`zbekistonga keldi'ning rasmi

27 iyundan 28 iyunga o`tar kechasi Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti Majid Rashed boshchiligidagi delegasiya yurtimizga tashrif buyurdi, deb xabar beradi O`zbekiston Milliy paralimpiya qo`mitasi matbuot xizmati.

Martabali mehmonlarni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Turizm va sport vazirining o`rinbosari Avazjon Karimov,O`zbekiston Milliy paralimpiya qo`mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov hamda bir guruh ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olishdi.

Majid Rashed jurnalistlarga bergan dastlabki intervyusida quyidagilarni aytib o`tdi:

“Bu mening O`zbekistonga ilk tashrifim emas. Men 2013 yilda ham bu erda bo`lganman. Yangiliklar orqali so`nggi paytlarda yurtingizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar va ulkan o`zgarishlar haqida muntazam tanishib boraman. Ayniqsa, O`zbekistonda Paralimpiya harakatiga davlat miqyosida e`tibor qaratilayotganining samarasi o`laroq, ushbu mamlakat sportchilari yildan-yilga yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Umid qilamanki, o`zbekistonlik paralimpiyachilar Tokioda bo`ladigan Paralimpiya o`yinlarida ham yuqori natijalarga erishadi”.

Dasturga muvofiq, bugun kunning ikkinchi yarmida Osiyo Paralimpiya qo`mitasi prezidenti Majid Rashed boshchiligidagi delegasiya O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov bilan uchrashishi ham belgilangan.

    Boshqa yangiliklar