Rossiya Federasiyasining Saxarovo nomidagi Ko`p tarmoqli migrasiya markazida mehnat migrantlarini «Sputnik Layt» vaksinasi bilan COVID-19 ga qarshi emlash boshlandi. Bu haqda Moskva shahri meriyasi ma`lumotlariga tayanib Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi xabar bermoqda.
Xabarda aytilishicha, migrantlarni emlash Rossiya iste`molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish bo`yicha federal xizmatining buyrug`ida ko`rsatilgan sohalarga tegishli ish beruvchilarning talabnomasiga binoan amalga oshiriladi.
Ko`p tarmoqli migrasiya markazidagi emlash punkti soat 9.00 dan 21.00 gacha ishlamoqda va kuniga 2 mingdan ortiq kishiga xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega. Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya tadqiqotlar markazi tomonidan ishlab chiqilgan bir komponentli «Sputnik Layt» vaksinasi bir dozasi narxi 1300 rublni tashkil qiladi. Bu ish beruvchi tomonidan to`lanishi kerak.






