AsosiyJamiyat

Farzandingiz ta`tilini mazmunli o`tkazish uchun muhim ma`lumotlardan xabardor bo`ling

'Farzandingiz ta`tilini mazmunli o`tkazish uchun muhim ma`lumotlardan xabardor bo`ling'ning rasmi

Maktablarda o`quv yili va sinov-imtihonlari o`z nihoyasiga etdi. Bundan buyog`iga farzandi maktabda ta`lim oladigan ota-onalarda “Farzandimning bo`sh vaqtini qanday mazmunli tashkil etsam ekan, qanday to`garaklarga bersam bo`larkan”, degan o`y tinchlik bermayotgani, shubhasiz. Har yilgi an`anaga muvofiq, Xalq ta`limi vazirligi mas`ullari bunga tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborishgan. Bolajonlarni o`z bag`riga olishga ulgurgan “Yoz–2021” loyihasining kun tartibiga qanday to`garaklar kiritilgan? Karantin qoidalariga qanchalik rioya qilinyapti? Kunning issig`ida bolalarni kasallikdan saqlash choralari ham ko`rilganmi? Shu kabi savollarga Maktabdan tashqari ta`lim, sport va turizmni tashkil etish boshqarmasi boshlig`i Murod QORABOEV javob berdi.

— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi “Bolalar dam olishini tashkil etish va sog`lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta`minlash bo`yicha Muvofiqlashtiruvchi guruhi majlisining birinchi bayoniga muvofiq” sog`lomlashtirish oromgohlarining faoliyati 2021 yil 1 iyun kunidan boshlanishi belgilangan bo`lib, faoliyati yakunlanishi 20 avgustga qadar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Umumta`lim maktablari qoshida sog`lomlashtirish maydonchasi sifatida joriy yilda 1 882 ta umumta`lim maktablari belgilangan bo`lib, ularda 150 301 nafar bolalar dam olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ushbu maydonchalar ota-onalar talab va takliflari asosida yoz davomida yana qo`shimcha ochilishi mumkin. 

— Qanday to`garaklar rejalashtirilgan? To`garaklarning kun tartibi qanaqa? 

— Sog`lomlashtirish maydonchalarida 5 ta muhim tashabbus bo`yicha belgilangan to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yiladi va qo`shimcha ravishda sport zallar, sport maydonchalari, kutubxonalar, kompyuter xonalari to`liq faoliyat ko`rsatishi uchun sharoitlar yaratilgan. Bundan tashqari, tuman va shahar “Barkamol avlod” bolalar maktablari ham umumta`lim maktablariga biriktirilib, o`quvchilar qiziqishiga ko`ra to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yiladi. 

— Karantin qoidalariga rioya etish qanday tashkillashtirilgan? 

— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi bolalar dam olishini mazmunli tashkil etish va sog`lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta`minlash bo`yicha Kasaba uyushmalari federasiyasi “Bolalar yozgi oromgohlarining karantin davrida faoliyatini tashkil etish bo`yicha talablar” ishlab chiqilgan. 

Unga ko`ra, asosan: 

  • Oromgohlar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari tomonidan muntazam nazorat qilinadi; 
  • Binolarda profilaktika dezinfeksiya va deratizasiya kabi ishlar amalga oshiriladi; 
  • Mahalliy hokimliklar tomonidan oromgohlarda etarli miqdorda antiseptik vositalari va issiqlik o`lchovchi moslamalar bilan ta`milanadi; 
  • Mahalliy hokimliklar tomonidan yoz mavsumida oromgohlar uchun zarur bo`lgan issiqlik o`lchagich (termometr), pturli gigienik va antiseptik vositalari va har bir oromgohga tuman (shahar) ko`p tarmoqli shifoxonalardan hamshiralar biriktiriladi. 

— Anomal issiq havodan saqlanishi uchun bolalarga imkoniyatlar qilib beriladimi? 

— Sog`lomlashtirish maydonchalari uchun alohida sharoitga ega bo`lgan shiyponlar, daraxtlari mo`l va salqin bo`lgan umumta`lim maktablari tanlab olingan. O`quvchilar kunning ikkinchi yarmida, tabiiyki bu vaqtda harorat ko`tarilgan bo`ladi, ana shunday vaqtlarda sport zallarida, kutubxona va belgilangan sinfxonalarda bolajonlarimiz band bo`ladilar. Shu vaqtlarda biriktirilgan ustozlar bilan birga korantin qoidalariga jiddiy amal qiladilar. Bunga maktab ma`muriyati birinchi galdagi mas`uldirlar. Shuningdek, ayrim maktablarda imkoniyatdan kelib chiqib, o`rnatma suzish havzalari ham tashkil etilmoqda.

Mohinur RUSTAMOVA tayyorladi
24 (1151) 17 iyun 2021 y

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar