Yoʻl harakati qoidalarini buzgan xorijiy raqamli avtomobil egalari jarimalarni toʻlamaguncha Rossiya hududidan chiqarilmaydi.
Rossiya Federatsiyasining “Xalqaro avtomobillar tashuvlari ustidan davlat nazorati va ularni amalga oshirish tartibini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisida”gi qonuniga binoan 2021-yil 7-iyuldan haydovchi chegaraga kelgach, unga uch soat muddat beriladi. Ushbu vaqt davomida jarima toʻlanmasa, unga Rossiyadan chiqib ketishga ruxsat berilmaydi.
Yangi tartib boʻyicha chet el transportlarining 2020-yil 8-dekabrdan keyingi jarimalari inobatga olinadi.
Chet ellik haydovchi toʻlanmagan jarima bor yoki yoʻqligini Gosavtoinspeksiya rasmiy veb-saytidagi “Proverka shtrafov GIBDD” xizmati orqali mustaqil aniqlashi mumkin.






