Toshkentda diniy bag`rikenglik va millatlararo hamjihatlikka bag`ishlangan tadbir o`tkazildi.
Respublika Baynalmilal madaniyat markazida “Millatlararo va dinlararo bag`rikenglik – barqarorlik omili” mavzusida madaniy-ma`rifiy seminar bo`lib o`tdi.
Navro`z umumxalq bayrami munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda mamlakatimizdagi tegishli idora va tashkilotlar, milliy madaniy markazlar va diniy tashkilotlar vakillari, talabalar va ustozlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so`zga chiqqan Respublika Baynalmilal madaniyat markazi direktori N. Muhammadiev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi O. Yusupov, O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov, Toshkent va O`zbekiston mitropoliti Vikentiy va boshqalar mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, yurtimiz fuqarolari qaysi millatga mansubligi va va e`tiqodidan qat`i nazar barcha uchun yaratilgan erkinliklar va shart-sharoitlardan tenghuquqlilik asosida foydalanayotgani haqida to`xtalib o`tdilar.
Ta`kidlanganidek, mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari istiqomat qiladi. Bugun yurtimizda 137 milliy-madaniy markaz, 2238 diniy tashkilot faoliyat ko`rsatadi. Vatanimizda har bir inson o`zi istagan dinga e`tiqod qilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan. Har yili minglab yurtdoshlarimiz muqaddas Haj va Umra ibodatlarini ado etishayotir. Shuningdek, boshqa din vakillari ham xorijiy mamlakatlardagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilib kelishmoqda.
Tadbir doirasida diniy tashkilotlar va milliy-madaniy markazlar tomonidan chop etilgan adabiyotlar va qo`llanmalar, fotosuratlar ko`rgazmalari namoyish etildi.