O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “O`zbekistonda qonun ustuvorligi yo`lida hamkorlik” qo`shma loyihasi doirasida O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi Telegram-botida (@suduzbot) yangi interfaol xizmatlar ishga tushirildi.
Unga ko`ra, ishga doir apellyasiya, kassasiya va boshqa shikoyatlarning holatini kuzatib borish funksiyasi kengaytirildi. Avvallari ushbu funksiya sud ishini faqat birinchi instansiyada ko`rish bilan bog`liq ma`lumotlarni aks ettirgan bo`lsa, endilikda ishning raqami, pasport raqamini/STIRni yuborib, barcha instansiyalarda ish holatini kuzatib borish mumkin.
Bundan tashqari, botga sudga murojaat etishda to`lanishi lozim bo`lgan davlat boji miqdorini hisoblash bo`yicha yangi xizmat qo`shildi. Endi bot foydalanuvchilari sudga yoki advokatlarga murojaat etmasdan turib, sudga to`lanishi lozim bo`lgan davlat bojini oson va mustaqil ravishda hisoblashlari mumkin. Zarurat tug`ilgan taqdirda, botning o`zi davlat bojini hisoblash uchun kerak bo`lgan qo`shimcha ma`lumotlarni so`rab oladi. Misol uchun, hukm qaroridan nusxa olishda kerakli sahifalar soni yoki boshqa ma`lumotlar.
Shuningdek, bot foydalanuvchilari uchun da`vo arizalari namunalari va chop etilgan sud qarorlarini yuklab olish imkoniyati yaratildi. Xususan, ishning raqami bo`yicha tez va oson ravishda barcha instansiyalarda chop etilgan sud qarorlarini topish va zarur bo`lganda, qaror faylini yuklab olish mumkin.
Shuni alohida ta`kidlash lozimki, qo`shma loyiha doirasida botning ingliz tilidagi versiyasi xam yaratilib, ishga tushirildi. Endi chet ellik foydalanuvchilar ham ushbu bot imkoniyatlari va xizmatlaridan to`liq foydalanishlari mumkin.