AsosiyDunyo

Uning har doim o`z qarashi bo`lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan — Nursulton Nazarbaev Islom Karimov haqida

'Uning har doim o`z qarashi bo`lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan — Nursulton Nazarbaev Islom Karimov haqida'ning rasmi

Qozog`istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarbaev O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bilan o`zbek-qozoq chegarasini shakllantirish bo`yicha qanday muzokaralar olib borganini so`zlab berdi. «Har doim o`zining qarashi bor edi. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan», — dedi u.

 

«Portretga chizgilar. Lider» hujjatli filmida Qozog`istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboev O`zbekiston bilan chegarani shakllantirish tarixi haqida so`zlab berdi. Video 1 iyul kuni Xabar NEWS YouTube-kanalida e`lon qilindi.

«O`zbekiston bilan chegaralar mana bunday bo`lgan», — deya tushuntirdi Nursulton Nazarboev barmog`i bilan to`lqinli chiziq chizib. — Ba`zi joylarda chegara uyning o`rtasidan o`tib ketar, yotoqxona O`zbekiston tomonida, oshxona esa Qozog`iston tomonida qolardi. Yoki qozoqlar yashaydigan butun qishloq O`zbekistonda joylashgan, ammo ular O`zbekistonda bo`lishni xohlashadi. Yoki u erda o`zbeklar bor edi. Ammo aksariyat holatlarda qozoqlar Qozog`istonda bo`lishni xohlagan".

Uning so`zlariga ko`ra, u O`zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovga hududlarni almashtirishni taklif qildi.

«Kelinglar, bunday qilaylik, deyman, — deydi Qozog`istonning birinchi prezidenti barmog`i bilan yoy shaklini chizib, — Va biz boshqa joydan shuncha hududni sizga beramiz. Biz poymol qilmaymiz, siz hech narsa yo`qotmadik, deb ayta olasiz. Mana shunday qilib biz shunday muammolarni hal qilganmiz», — dedi u.

Nursulton Nazarboev 1996 yilda qurilgan Chordara suv ombori bo`yicha muzokaralar tafsilotlariga ham to`xtalib o`tdi.

«Sovet Ittifoqi qulaganda, xaritaga qarasangiz, janubiy Qozog`istonda Maqtaral viloyati O`zbekiston hududiga juda aniq kirib borgan. Bizning Chordara suv ombori bor, lekin suv omborining inshooti, to`g`onning o`zi O`zbekistonniki edi. Men qanday qilib bunday bo`lishini aytaman. Keling, muammoni hal qilaylik. Bu „janjal toshi“ (qadimgi yunon afsonalarida Troya urushining kelib chiqishiga sabab bo`lgan oltin olmaga ishora — tahr.) bo`ladi. Bizda suv ombori bor, suvning hamma richagi sizda. Kelishdik. Yaxshi, biz mana bu joyni to`g`on evaziga sizga beramiz. Qizilo`rda viloyatida bizga tegishli bo`lgan hududni berdik. Va bu juda qiyin o`tdi», — dedi u.

Uning so`zlariga ko`ra, Islom Karimov bilan kelishish juda qiyin bo`lgan.

«Aytish noqulay, u endi bu yorug` dunyoda yo`q, mening eski do`stim Islom Karimov, mana, uning har doim o`z qarashi bo`lgan. U bilan kelishish juda qiyin bo`lgan. Hamma narsaga nisbatan o`z fikrini aytgan. Lekin shunday holatlar ham bo`lganki, bir safar menga qo`ng`iroq qilib, dedi: „Oldingga bormoqchiman“. Men: „Eshit, kun tartibini tayyorlash kerak, nima haqda gaplashamiz, tayyorgarlik ko`rish kerak“, — dedim. „Hech qanday kun tartibi yo`q, shunchaki, sen bilan ko`rishishim kerak, bo`ldi“, — dedi. U bilan uchrashdim. Umuman, qalbi juda yumshoq va yaxshi inson edi, biroq shunday fe`lli. U keldi, kechqurun o`tirdik, kunduzi suhbatlashdik, masalalarni muhokama qildik. O`shanda juda qiziqarli holatlar bo`lgandi», — deya xotiralarini o`rtoqlashdi Qozog`istonning birinchi prezidenti.

Nursulton Nazarboev mamlakatni qariyb 30 yil boshqarib, 2019 yilning 19 mart kuni vakolatini topshirganini e`lon qildi. Respublikaga Qosim-Jomart Tokaev yangi prezident bo`ldi. 6 iyul kuni Nazarboev 81 yoshni qarshiladi.

    Boshqa yangiliklar