Bugun, 7 iyul kuni Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug`-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta`minlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuzaga kelgan. Shu sababli O`zbekistonning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta`minoti vaqtinchalik to`xtatilishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etish uchun “Navoiy-4” gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz ta`minoti to`xtatilyapti. Mazkur ishlarni to`liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug`-gaz qurilmasi ham vaqtinchalik to`xtatib turilishi sababli O`zbekistonning ayrim hududlari vaqtinchalik elektr energiyasi ta`minotidan uziladi.
Ma`lumot uchun, iyul oyining birinchi yarmida mamlakat hududida havo haroratining keskin ko`tarilishi va 6-8 iyul kunlari Respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste`moli 223 million kilovatt soatgacha etishi kutilmoqda. Ushbu ko`rsatkich o`tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko`pdir.