“Bir narsani aniq tushunib olishimiz kerak, sohaga ilmiy yondashuvlar joriy qilinmas ekan, viloyat va tuman hokimlari butun komandasi bilan o`zi masalani ichiga kirib, tumanlarni ixtisoslashtirish, er ajratish, ko`chat tayyorlash, mahsulotni eksport qilishni shaxsan nazoratga olmasa, sohada katta o`zgarishlar qilish qiyin bo`ladi”, - dedi prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda bo`lib o`tayotgan videoselektor yig`ilishida. Shuningdek, davlat rahbari uzumchilikni rivojlantirish bo`yicha mas`ullarga taklif va topshiriqlar ham berdi.
44 ta tumanda uzumchilik tajribasi qo`llaniladi
Mas`ullarga Oltiariq va Forish tajribasi asosida Ellikqal`a, Asaka, Jalaquduq, Buloqboshi, G`ijduvon, Shofirkon, Qorako`l, Peshku, Forish, Yangiobod, Zomin, G`allaorol, Kitob, Shahrisabz, Chiroqchi, Yakkabog`, Qamashi, Xatirchi, Nurota, Qiziltepa, Pop, Chortoq, Yangiqo`rg`on, Kosonsoy, Bulung`ur, Kattaqo`rg`on, Qo`shrabot, Ishtixon, Urgut, Toyloq, Payariq, Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy, Sirdaryo, Xovos, Mirzaobod, Parkent, Qibray, Toshkent, Oltiariq, Qo`shtepa, Farg`ona va Bog`ot tumanlarida (jami – 44 ta) bu kabi ishlarni tashkil etish topshirig`i berildi. Bu tumanlarning har birida yil yakunigacha kamida 1 ming gektardan yangi eksportbop plantasiyalar tashkil etiladi. Tuman hokimlari 10 kun muddatda uzum etishtirish tajribasiga ega bo`lgan tadbirkorlarni tanlab olib, loyihalarni g`alla va paxtadan qisqaradigan, yangi o`zlashtiriladigan hamda eski bog` va tokzorlar o`rniga joylashtiradi.
Shuningdek:
- qishloq xo`jaligi vazirligining hududiy bo`linmalaridan 2 nafardan xodim ajratilib, har bir viloyatda uzumchilikni rivojlantirish, ko`chat bilan ta`minlash va o`simliklarni himoya qilish bo`yicha alohida Loyiha ofislari tashkil etiladi;
- yangi tokzorlarni barpo etish, eski bog` va uzumzorlarni yangilash uchun yangi tizim joriy etilib, bunda sertifikatlangan yangi uzum plantasiyalarining har bir gektariga 10 million so`mdan subsidiya ajratiladi;
- ko`chatchilik xo`jaliklari (pitomniklar) tashkil qilingan maydonlarning har bir gektari uchun ham subsidiya berish tizimi joriy etiladi;
- yangi tokzorlar uchun bir dona artezian quduq yoki nasos stansiyasi qurish uchun har 10 gektarga 120 million so`mgacha subsidiya beriladi, ya`ni subsidiya beriladigan maydon hajmi 3 barobarga kamayadi (hozir eng kam maydon 35 gektar qilib belgilangan);
- sertifikatlangan uzum plantasiyalarini tashkil etishni moliyalashtirish uchun banklarga 100 million dollar resurs ajratiladi (Bu mablag` Jahon bankining qishloq xo`jaligini modernizasiya qilish loyihasi (200 million dollar) doirasida moliyalashtiriladi). Bunda kredit Loyiha ofislari tavsiyalari asosida, 14 foizdan 3 yil imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga beriladi.
Bundan tashqari, mutasaddilarga barcha viloyat va shaharlardagi xonadonlarda ham uzum etishtirishni yo`lga qo`yish, har bir xonadonda kamida 15-20 tupdan uzum ko`chatlarini “tepasida tok - pastida sabzavot” usulida ekishni tashkil qilish, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida joriy yilda qo`shimcha 100 milliard so`m kredit resurslari ajratish, xalqaro moliya institutlarining 100 million dollardan imtiyozli kreditlarini jalb etish, uzumchilikda ishlatiladigan asbob-uskunalar va texnikalar bojxona to`lovlaridan ozod etish masalalarini hal etish topshiriqlari ham berildi.
Sardorbek Rahmonqulov