AsosiySport

Andijondagi “Bobur Arena”ga yangi projektorlar o`rnatiladi

'Andijondagi “Bobur Arena”ga yangi projektorlar o`rnatiladi'ning rasmi

O`zbekiston professional futbol ligasi qaroriga ko`ra, bir qator klublar uy uchrashuvlari o`tkaziladigan maydonlardagi projektorlar bilan bog`liq muammolarni bartaraf etmaguniga qadar raqiblarini neytral maydonda o`tkazadigan bo`lishdi. Jumladan, “Andijon” klubi o`z raqiblarini qabul qiladigan “Bobur Arena” stadionining yoritish tizimi ham FIFA va OFK talablariga javob bermaganligi bois jamoa 1-davrada AGMK klubiga qarshi kechgan o`yinni Olmaliqda o`tkazishga majbur bo`ldi.

Mazkur holat ijtimoiy tarmoqlarda turli noroziliklarni ham keltirib chiqardi.

Ma`lum bo`lishicha, mavsum boshida “Andijon” futbol klubining uy uchrashuvlariga kirish huquqini beruvchi yillik abonementlar chiqarilgan hamda ular 500 ming so`mdan aholiga sotilgan.

“Andijon” futbol klubi matbuot xizmatining ma`lum qilishicha, hozirda klub rahbariyati bir qator xorij kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda va tez kunlarda “Bobur Arena”da projektorlar to`liq yangilanib, jamoa o`z uy uchrashuvlarini qadrdon stadionda o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ladi.

“Bobur Arena”dagi projektorlar shu yilning avgust oyiga qadar to`liq yangilanishi va jamoa ishqibozlari 2-davradagi barcha uy uchrashuvlarida sevimli jamoasini qo`llab-quvvatlashi mumkinligi ma`lum qilindi.

Boshqa yangiliklar