AsosiySport

Boks nima ekanini tushunmasdim ham — Bahodir Jalolov bilan maxsus intervyu

'Boks nima ekanini tushunmasdim ham — Bahodir Jalolov bilan maxsus intervyu'ning rasmi

Boks bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi, Osiyo va jahon chempioni, Tokio-2020 Olimpiya o`yinlari lisenziati va ushbu musobaqada g`oliblikka asosiy da`vogarlardan biri bo`lmish Bahodir Jalolov haqida to`rt yillikning nufuzli musobaqasi oldidan “Yangi O`zbekiston” gazetasida maqola chop etildi. Quyida ushbu maqolani e`tiboringizga havola qilamiz.

Kelajak bugundan boshlanadi

— 2019-yilda Rossiyaning Ekaterinburg shahrida bo`lib o`tgan jahon chempionatining +91 kg vazn toifasida oltin medal sohibi bo`ldim, — deydi Bahodir Jalolov. — O`shanda davlatimiz rahbarining men haqimda aytgan yuqoridagi so`zlarini nafaqat yodlab olganman, balki ko`nglim tubiga muhrlab qo`yganman. Men ­Prezidentimizga “Albatta, jahon chempioni bo`laman”, deb va`da bergandim va buning uddasidan chiqdim. Otam rahmatli jahon chempioni bo`lishimni orzu qilardi, afsuski, baxtiyor kunlarimni ko`rish nasib etmadi. Olis bir chekka tumanda tug`ilib, voyaga etgan menday oddiy yigit kun kelib, dunyo chempioni bo`lishini kim ham o`ylabdi, deysiz. Bu yutuqlarimning barchasi, avvalo, ­davlatimiz rahbari tomonidan O`zbekistonda sportga berilayotgan yuksak e`tiborning samarasi deb bilaman. Ochig`i, ­Prezidentimiz ko`ksimga “O`zbekiston iftixori” unvonini taqayotganida o`zimni ertakdagi orzular mamlakatiga tushib qolganday his qilganman. Bu his va hayajon hali-hanuz meni tark etgani yo`q. ­Tokio Olimpiadasida, albatta, chempion bo`laman, Prezidentimizning, xalqimizning yuksak ishonchini yana oqlayman!

Boks bo`yicha jahon chempioni, “Mard o`g`lon” davlat mukofoti hamda “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni sohibi Bahodir Jalolov ayni kunlarda Yaponiyaning Tokio shahrida murabbiylari — aka-uka To`lqin va Farrux Qilichevlar bilan olimpiada musobaqalariga tayyorgarlik mashg`ulotlarini olib bormoqda. Biz Bahodir Jalolov va uning onasi Sabohat Jalolova bilan Olimpiada safari oldidan uchrashib, suhbatlashgan edik. Dildan kechgan samimiy suhbat jarayonida shu narsaga amin bo`ldikki, aslida hech bir yutuq shunchaki qo`lga kiritilmaydi, uning ortida mashaqqatli mehnat, maqsadga erishish yo`lidagi tinimsiz intilishlar, ustozlar saboqlari hamda ota-onaning ezgu niyatlari yo`g`rilgan duolar kuch bo`lib turadi!

Ot izini toy bosar

Bahodir Jalolovning otasi rahmatli Isomiddin polvonni nafaqat Surxondaryoda, balki O`zbekistonning boshqa hududlarida ham yaxshi tanishgan. Sambo bo`yicha sport ustasi Isomiddin Jalolovning Sariosiyodagi chog`roqqina hovlisiga kuragi er ko`rmagan mashhur polvonlar tez-tez kelib turgan. Ikki qizini eru ko`kka ishonmaydigan polvon yolg`iz o`g`li Bahodirni o`zgacha mehr bilan suyar, xotini Sabohatga qarab, “Onasi, kun kelib o`g`lim, chempion bo`ladi, uni o`zim musobaqalarga tayyorlayman, murabbiyi ham o`zim bo`laman”, derdi.

Ayol erining so`zlarini ma`qullab, “O`zingiz polvon bo`lganingizdan so`ng, o`g`lingiz izingizdan boradi-da, “Ot izini toy bosar” degan maqol bejiz aytilmagan, men ham qizlarimizning o`zimga o`xshagan o`qituvchi bo`lishiga hozirdanoq tayyorgarlik ko`raversammikan”, deb hazillashar, shu tariqa, er-xotinning sof orzulari osmon qadar yuksalib boraverdi.

“Toshkent yo`lbarsi”ning tashrifi...

Shunday orzularga to`la munavvar kunlarning birida peshin mahali Isomiddin polvonning darvozasi taqillab, “Toshkent yo`lbarsi” deb nom olgan mashhur bokschi, jahon chempioni Rufat Risqiev kirib keldi. Isomiddin mehmon bilan quchoq ochib, quyuq ko`rishar ekan, anchadan beri ko`nglida o`ylab yurgan so`zlarini tiliga chiqardi.

— Rufat aka, zap keldingiz-da, qadamingizga hasanot. Sizdan bitta iltimosim bor. O`g`lim kelajakda mashhur bokschi bo`lishini istayman, keling, irim qilib, elkasiga urib, bir tupurib qo`ying, sizday mashhur sportchi bo`lsin, — deb 3-4 yoshlardagi Bahodirni Rufat Risqievning qo`liga tutqazadi.

— O`h-o`, bu toy bola namuncha og`ir bo`lmasa, bo`yini qarang. Polvonligi senga o`xshab turibdi-ku. Mayli, ilohim peshonasi yarqiragan, kuragi er ko`rmagan polvon, mushti temir bokschi bo`lsin o`g`ling, omin.

Isomiddin polvonning orzusi...

Shunday qilib, kunlar, oylar, yillar bir-birini quvib o`taverdi. Bahodir maktabda 4-sinfga o`tganida otasi uni maxsus futbol maktabiga etak­ladi. Garchi, ich-ichidan uning bokschi bo`lishini istasa-da, farzandining qiziqishini o`z orzusidan ustun qo`ydi. Chunki o`g`li bolaligidanoq faqat koptok tepib futbol o`ynar, ishtiyoqi benihoya baland edi. Onasi olib bergan rasm daftarlariga surat chizish o`rniga, dunyoning mashhur futbolchilari suratlarini yopishtirib chiqar, ota-onasiga katta bo`lganida zo`r futbolchi bo`lishini aytib charchamasdi. Uch yil muntazam futbol bilan shug`ullangan Bahodir bolalar o`rtasidagi turli musobaqalarda ham ishtirok eta boshladi. Undagi iqtidorni yana-da teranroq anglagan Isomiddin polvon o`g`li 7-sinfga o`tganida Chirchiq shahridagi Olimpiya zaxiralari kollejiga olib bordi. Hujjatlarni topshirmoqchi bo`lganda esa qabuldagilar ota-bolaga futbol bo`limiga qabul tugagani, faqat boks yo`nalishi uchun hujjat topshirish mumkinligini aytadi. Shunday qilib, futbolchi bo`laman, degan Bahodir, taqdir taqozosi yoki otasining ko`nglidagi orzusi sababmi, kollejning boks bo`limiga zaxira asosida o`qishga qabul qilinadi.

“Bolam, seni kim bu ahvolga soldi?”

Chamasi bir oylardan keyin farzandini ko`rish uchun Surxondaryodan Chirchiqqa kelgan Sabohat opa o`g`lining yuzi ko`karib, shilinganini ko`rib dovdirab qoldi.

— Bolam, seni kim bu ahvolga soldi, kollejda shunaqa urib o`qitishadimi, — deb o`pkasi to`lib yig`ladi. O`g`lining ozib, kirtayib ketgan ko`zlariga qarab, “Yur, uyimizga ketamiz, o`qimaysan bu erda, sening sog`lig`ing kerak menga”, deb bolasini mahkam bag`riga bosdi.

Sportga o`ta qiziquvchan bola onasining yuzlarini mehr bilan siladi.

— Onajon, hecham xavotir olmang, meni hech kim urmadi, boksda shunaqa jang qilib, tayyorlanish kerak, o`qiyman. Dadamning orzularini ro`yobga chiqarib, chempion bo`laman, faqat siz yig`lamang, olib ketaman ham demang, maylimi? O`zimning mehribonim, onajonim!..

13 yoshli o`g`lining katta odamlarday sokin va xotirjam ovozda so`zlashi Sabohatni hayratga soldi. Nahotki, mening bolam shu qadar jiddiylashib, bir oyda shunchalik o`zgarib qolgan bo`lsa, deya, unga uzoq termulib qoldi. Futbol desa hamma narsani unutib, ko`cha changitib, koptok tepib o`ynab yurgan zurriyodi, bir zumda haqiqiy bokschiga aylanib qolganday edi nazarida. O`g`lining yonib turgan ko`zlariga boqib, ko`ngli biroz joyiga tushgan onaizor bolasining so`zlaridan keyin yana ancha taskin topdi. Shu kun o`g`li bilan qolib, uzoq gurunglashdi. Lekin baribir har ikki haftada kelib, o`g`lining holidan xabar olishni kanda qilmadi.

O`sha yillarda eski avtobuslarda qatnash juda qiyin bo`lgan. Ona emasmi, qishning qahratoniyu yozning jaziramasida ham Surxon va Chirchiq yo`llarida non va eguliklar bilan to`lgan og`ir sumkalarni ko`tarib qatnashdan charchamadi. O`g`li o`qishga qo`shimcha zaxira asosida qabul qilinganidan unga yotib-turishi uchun na yotoqxona va na kollej oshxonasidan ovqatlanishga ruxsat berilgan...

Hayotning mukofotlari bor

O`smir Bahodir o`qish va mashg`ulotlarga astoydil berilib, boksga mehr qo`yib, tinimsiz mashg`ulotlar o`tkazib yurgan kezlarida, dadasi Isomiddin polvonni shtat qisqarishi bahonasida ishdan bo`shatishdi. Oliy ma`lumotli bo`lsa ham boshqa durustroq ish topa olmadi. O`ylovdanmi yoki boshqa sababmi, boshida yoqimsiz bir og`riq paydo bo`lib, vaqti-vaqti bilan bezovta qilib turdi. Erining sog`lig`idan tashvishlangan ayol “Dadasi, yuring shifokorlarga bir ko`rinaylik, negadir keyingi paytda boshingiz ko`p og`riyapti, sizdan xavotir olyapman”, desa, “E, qo`ysang-chi, vahimangni qara, oldin o`g`limiz chempion bo`lsin, keyin ikkalamiz ham davolanamiz. Ishlarim orqaga ketib, bir o`zing ancha urinib qolding, hali hammasi oldinda, hayotning senga atalgan mukofotlari bor”, deya gapni boshqa yoqqa burardi.

Bahodir esa o`zidan ko`ra, dadasining orzu-niyatlarini ro`yobga chiqarish uchun jon-jahdi bilan kechayu kunduz mashq qilib, tinimsiz shug`ullandi. Chempion bo`lish orzusi yosh sportchini bir soniya bo`lsa ham tark etmadi. Ustozlari To`lqin Qilichev va taniqli bokschi Rustam Saidov bu yo`lda unga ishonchli qanot bo`ldi. Jang olib borish sirlarini qunt bilan o`rgatdi, uning o`ziga bo`lgan ishonchini mustahkamladi. 2010-yildan boshlab u kollejda turli musobaqalarda qatnashib, sovrinli o`rinlarni qo`lga kirita boshladi.

Boks nima ekanini tushunmasdim ham

— Bilasizmi, 2008-yilda kollejning boks bo`limiga 13 nafar bola o`qishga topshirgan bo`lsak, faqat men boksning nima ekanini tushunmasdim. Axir o`sha paytgacha qo`limga biron marta boks qo`lqopini ham kiymagandim. Zaxira asosida o`qishga qabul qilinganim uchun menga yotoqxona berishmagan. Kollej rahbari “Agar chempion bo`lsang, yotoqxona beramiz”, degandi. Tunlari kollejning katta manejlarida bir o`zim yotishga majbur bo`lardim. Ovqatga pulim etmay, och qolgan kunlarim bo`lgan. Kollejimizdagi oshpaz ayol rahmi kelib, ba`zan u-bu egulik berib turardi. Ota-onamdan pul so`rashni or bilardim. Chunki o`sha vaqtda dadam rahmatlining ishlari anchagina yurishmay, topish-tutishlari kamayib, ro`zg`orning bor og`irligi yolg`iz onamning elkasiga tushgandi.

Onam bir emas, ikkita maktabda dars berib o`qituvchilik qilgan, kamiga qo`shimcha ish olib, tuni bilan allaqanday hujjatlarni yozib, to`ldirib o`tirardi. Shuning uchunmi, kollejda o`qib yurgan yillarimni eslasam, ba`zan ko`nglim cho`kadi, hayotning qiyinchiligini, nohaqlikni yosh boshim bilan o`sha davrlardayoq his qilganman. Hozirgi kundagi birdan-bir oliy niyatim Olimpiya o`yinlarida g`oliblikni qo`lga kiritish. Hayotdagi asosiy maqsadim esa onamning ko`nglini olish, yarim ko`ngliga mador bo`lish, opam va singlimga ota o`rnida g`amxo`rlik qilish. Eng asosiysi, ularning qalbida g`am, ko`zida nam bo`lmasin. Baxtiyor va to`kis yashashlari uchun bor mehrim va bor kuchimni sarflayman!

Mening o`g`lim chempion!

2014-yili mashaqqatli mehnatlarining samarasi o`laroq, B.Jalolov 20 yoshida Respublika ochiq turnirida 91 kilogramm vazn toifasida 1-o`ringa sazovor bo`ldi. Aynan o`sha yili O`zbekiston Boks federasiyasi tomonidan o`tkazilgan Sidney Jakson memorial turnirida 3-darajali diplom bilan, ochiq turnirda sertifikat bilan, Rossiyaning Beloyarskiy shahrida o`tkazilgan 12-Jahon kubogida esa oltin medal bilan taqdirlandi.

— Bahodirjonning chempion bo`lganini eshitgan dadasi o`sha kuni “Mening o`g`lim chempion!”, deya hayqirib yurdi. “Sabohat, sen tasavvur qilyapsanmi, axir o`g`limiz chempion bo`ldi. Endi o`lsam ham bearmon ketaman, bu dunyodagi eng katta orzuim ushaldi. Yolg`izim, izimni bosar toyim, pahlavonim chempion bo`ldi”. Men turmush o`rtog`imni hech qachon bunday masrur va mamnun holda ko`rmagandim, uning o`sha vaqtdagi hayajonini hozir ham ta`riflab bera olmayman.

Biz murabbiylikdan ketamiz...

Bahodir Jalolov chempion bo`lganidan so`ng O`zbekiston terma jamoasiga qabul qilingan bo`lsa-da, negadir ba`zi bir nopok murabbiylar uni musobaqalarga yaqinlashtirmay qo`ydi, aniqrog`i, chetlatishga harakat qildi — musobaqalarda qatnashishini ochiqchasiga istashmadi. Bunday nohaqlikka chiday olmagan murabbiylari Rustam Saidov va To`lqin Qilichev poytaxtga keldi. Mutasaddi rahbarlarning oldiga kirib, vaziyatni aytish uchun soatlab, kunlab eshikda sarg`ayib navbat kutishdi. Navbatlari etganida esa dangaliga, “Agar Bahodir Jalolov musobaqalardan sababsiz chetlashtirilsa, biz ham ishlamaymiz, o`z arizamiz bilan ishdan ketamiz”, deb baralla ayta oldi. Shundan keyin chempionning yo`llariga to`siq kamaygandek bo`ldi.

Shogirdining mahorati, iqtidorini ko`ra bilgan ikki ustoz uning kelajakdagi yutuqlari uchun astoydil jon kuydirdi. Bahodirni turli g`arazli kimsalarning nazaridan himoya qilishga, bola ko`nglini cho`ktirmaslikka harakat qildi. Olis hududning chekka bir tumanidan porlab chiqayotgan yosh sportchining yo`llarida yo`lchi yulduz bo`ldi.

Men shogirdimga ishonaman!

— Ha, chindan ham shunday ko`ngilsiz voqealar bo`lib o`tgan. Bahodirni musobaqalardan chetlatishga rosa urinishgan. Ammo biz ham qarab turmaganmiz, — deydi Rustam Saidov. — Mutasaddi rahbarlarning oldiga borganmiz. Axir qanday qilib shunday iqtidorli, bo`lajak yulduzning shijoatini so`ndirish, bilagidagi kuchini ko`ra bila turib, uni sportdan chetlatish mumkin? Men Bahodirni o`z o`g`limday, o`z jigarimday yaxshi ko`raman, yillab u bilan shug`ullandim, uning har bir yutug`i menga ham berilgan yuksak baho. Bu safar Jalolov, albatta, Olimpiada o`yinlarida g`olib bo`ladi! Men shogirdimga ishonaman!

Qazoim etsa, Haqning oldiga yorug` yuz bilan boraman

2015-yil Qatarning Doha shahrida bo`lib o`tgan jahon chempionatida Bahodir bronza medal sohibiga aylandi. O`sha yili otasi Isomiddin polvon og`ir dardga chalindi. Shifokorlar bosh miya o`smasining eng og`ir turi deya tashxis qo`ydi. Polvon esa yana dardga mardonavor kulib qaraydi: “Nasibam uzilmagan bo`lsa, yashayman. Agar qazoim etgan bo`lsa, Egamning oldiga yorug` yuz bilan boraman, chunki mehnatlarim, orzularim zoe ketmadi. O`g`lim chempion bo`ldi”.

Ha, aslida Bahodir Jalolovning birinchi ustozi, unda sportga mehr uyg`otgan inson otasi bo`ladi. 4 yoshidan boshlab o`g`lini sportga oshno qilib o`stira boshlagan, mashqlarni bajartirgan, chiniqishi uchun har kun shug`ullangan, yugurtirgan. 5 yoshidayoq katta anhorda suzishni o`rgatgan. Hovlisida tayyorlanish uchun barcha sport anjomlari va jihozlarini muhayyo qilgan.

Sabohat erini uzoq davolatdi. Ular shifoxonada oylab birga yotdi. Bu vaqtda Bahodir uch oy davomida xorijda musobaqaga tayyorlandi va Doha shahridan Vataniga g`olib bo`lib qaytdi. Og`riq qoldiruvchi dori-darmonlarni qabul qilib, o`zini tetik tutishga harakat qilgan Isomiddin polvon aslida dard tufayli ozib-to`zib ketgan, kasallik o`z kuchini ko`rsatib, uning jismi jonini egallab olgandi. Shunday vaziyatda ham o`g`lini kutib olishga xotini bilan birga bordi. Otasini ko`rgan Bahodir turgan erida qotib qoldi. Shunday polvon odamning kichrayib qolgan jussasini quchib, “Onajon, dadamga nima bo`ldi, axir uch oy oldin juda ham yaxshi edi-ku”, deb yig`lab yubordi. Onasi jigarbandining yosh boladay xo`rlanib yig`lashini ko`rib, bor kuch va irodasini jamlab, o`g`lini yupatdi va bor haqiqatni o`sha erning o`zida aytib berdi.

Shundan so`ng Bahodir dadasini eng zo`rman, degan shifokor, professorlarga ko`rsatdi. Ona va o`g`ilning kunlari yana shifoxonalarda o`ta boshladi. Isomiddin polvonning sog`lig`i esa kun sayin orqaga ketaverdi. Bahodir “Dadam yashashlari kerak”, deya bir daqiqa ham umidini so`ndirmay davolatishda davom etdi.

2016-yil Xitoyda uch oy davomida tayyorlanib, Osiyo chempionatida Olimpiada yo`llanmasini qo`lga kiritdi. Deyarli har kun qo`ng`iroq qilib, dadasining ahvolini so`rab turdi. Chempionatda qo`li jarohat olgani sababli operasiya qilindi. Aynan o`sha kun, taqdiri azal ham o`z hukmini o`tkazib, Isomiddin polvon omonatini Haqqa topshirdi. Shifokorlar Bahodirga “Senga hozir yurish mumkin emas, jarohating og`ir”, desa ham u O`zbekistonga qaytdi. Armonlar, azoblar va eng yaqin insonini yo`qotish ozori sababmi, tajribasizlik qilibmi, Bahodir Jalolov 2016-yil avgust oyida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan Olimpiadada g`olib bo`lolmadi.

Yuragimga yuk bo`lgan armon

— Rio Olimpiadasida O`zbekiston jamoasining bayroqdori bo`lganimda 21 yoshda edim, — deydi Bahodir. — Jamoa sardori bo`lib, ona Vatanimiz bayrog`ini ko`tarib chiqish vazifasini menga ishonib topshirganlari uchun juda ham faxrlanganman. Ammo ruhiy kechinmalar qattiq ta`sir qilgandi, chempion bo`lolmadim. Bu yuragimda armon bo`lib qolgan. Xudo xohlasa, bu safar xalqimizning ishonchini oqlab, Olimpiya o`yinlarida oltin medalni qo`lga kiritib, jonajon ona Vatanimga, muqaddas O`zbekistonga yorug` yuz bilan qaytaman!

Siz onalarga namunasiz

Bu ko`hna olamda inson zoti borki, faqat zurriyodining kamolini, yorug` kelajagini, to`kis baxtini o`ylab yashaydi. Ayniqsa, munis onalar uchun o`z farzandining yutuqlari ortidan go`zal ezgu tilaklar va yuksak e`tirofni eshitishdek yoqimli his bo`lmasa kerak. Ayniqsa, u davlat rahbari tomonidan aytilsa...

Sabohat Jalolova bilan Toshkent aeroportidan chempionimizni Olimpiada sari oq yo`l tilab kuzatib qaytar ekanmiz, uning ko`zlari yoshga to`lib, mayus tortib qoldi.

— Nega g`amgin bo`lib qoldingiz, axir o`g`lingiz O`zbekiston sha`nini sharaflash, bayrog`ini yuksakka ko`tarish uchun Olimpiadaga ketdi. Bu hamma sportchilarga ham nasib etavermaydi-ku? — deya so`raymiz.

— Shodligimdan yig`layapman. Bolaginamni ketmasidan turib sog`indim. O`g`lim juda ham mehribon, ochiqko`ngil yigit, opasi va singlisiga birday g`amxo`r. Ularga ota o`rnida o`zi bosh bo`lib, kam-ko`ssiz uzatdi, to`ylar qildi, jiyanlariga ham parvona. Bahodirimning safari bexatar bo`lsin, oy borib, bag`rimga omon qaysin. Pahlavonim Olimpiya o`yinlariga otasining duosini olib ketmagan bo`lsa-da, Prezidentimizning ishonchini olib ketdi. Men, butun onalik qalbim bilan his qilyapmanki, suyanchig`im bu safar ham muzaffar bo`lib qaytadi. Olis Tokio arenalaridan turib “Onajon, men yutdim”, deydi, albatta, shunday deydi!

Oddiylik bor ekan, odamiylik o`lmaydi

Bahodir Jalolov bilan yurakdan suhbatlashish va unga Olimpiya o`yinlariga ketish oldidan omad tilash uchun uchrashib, chamasi bir soatcha suhbat qurdik.

— Har bir g`alabam ortida ustozlarimning mashaqqatli mehnati, onamning duolari, rahmatli dadamning sof orzulari, Prezidentimning yuksak ishonchi mujassam — deydi u. — Bu yuksak dovonlarni zabt etishim uchun hayotda ko`p qiynaldim, nohaqliklarga duch keldim, etishmovchilik nima ekanligini boshimdan o`tkazdim. Yolg`iz o`zim bola boshim bilan qornim nonga to`ymay, yotoqxonada joyim bo`lmay, tunlarni tonglarga ulab, Chirchiqdan Toshkentgacha piyoda kelgan kunlarim ham bo`ldi. O`sha vaqtlarda 14 yoshga ham to`lmagan edim...

Biroq so`nggi 4-5 yil ichida davlatimiz rahbarining yoshlarga qaratayotgan e`tibori, g`amxo`rligi, rag`bati bizlarni yangi marralar sari chorlamoqda, kuch berib, ruhlantirmoqda. Prezidentimdan cheksiz minnatdorman! Xudo xohlasa, O`zbekistonga yorug` yuz bilan qaytaman!

Bahodirning so`zlarini jon qulog`im bilan eshitar ekanman, ba`zi bir sportchilarning mashhur bo`lganlaridan keyingi dimog`dor chehralari ko`z o`ngimdan soyaday o`tdi. Shunda “Oddiylik bor ekan, odamiylik aslo o`lmas”, degan hikmatli gapning mag`zini chaqqanday bo`ldim. Odamiylikda, mardlikda iroda va mashaqqatli mehnatda g`olib bo`lib etishgan insonning hali ko`p bora chempion bo`lishiga ishonamiz.

Manba: Turizm va sport vazirligi

    Boshqa yangiliklar