Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya o`yinlari O`zbekiston delegasiyasi uchun bir qator qiziqarli faktlar bilan tarixga kirmoqda. Misol uchun, ilk bor zamonaviy beshkurash sportida Olimpiya o`yinlariga yo`llanma oldik, bu Olimpiadada ayol sportchilarimiz soni har qachongidan ham ko`p bo`lmoqda.
Quyida O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi media departamenti tomonidan Vatanimiz sport delegasiyasining Tokio-2020 XXXII yozgi Olimpiya o`yinlaridagi ishtirokiga doir taqdim etilgan qiziqarli faktlarni havola qilamiz.
O`zbekiston sportchilari 2020-yil Yaponiyaning Tokio shahrida o`tkaziladigan XXXII yozgi Olimpiya o`yinlariga sportning 17 turida jami 71 ta yo`llanmani qo`lga kiritdilar. Bu delegasiyamiz tarixida sport turlari soni bo`yicha rekord ko`rsatkichdir.
Prezidentimizning xotin-qizlar sportini rivojlantirishga qaratayotgan e`tiborlari bilan Tokio-2020 Olimpiadasida lisenziya qo`lga kiritgan ayol sportchilarimiz soni 30 taga etdi. Bu Olimpiadalarda Mustaqil O`zbekistonning ayollar sportida qayd etayotgan yana bir rekordi.
Tokio-2020 Olimpiya o`yinlarida birinchi marotaba 3 nafar ayol dzyudochi bilan, shuningdek, aralash jamoaviy yo`nalishda ishtirok etamiz. Bu yo`nalishda dunyoda eng kuchli 12 jamoagina medallar uchun kurash olib boradi.
Birinchi bor zamonaviy beshkurash sport turida Olimpiya o`yinlari yo`llanmasini qo`lga kiritdik.
Boks bo`yicha musobaqalarda ilk marotaba 3 nafar qizimiz katnashadi. Undagi umumiy yo`llanmalarimiz esa 11 tani tashkil qilmoqda. Sportning ushbu turida butun dunyoda faqat 3 jamoagina shuncha bokschi bilan ishtirok etadi.
Hamyurtimiz Oksana Chusovitinaning nomi dunyo sport gimnastikasi tarixi sahifalariga sakkizinchi bor Olimpiada o`yinlarida ishtirok etgan birinchi sport gimnastika ustasi sifatida bitiladi.
XXXII yozgi Olimpiya o`yinlarida qilichbozlik sportida birinchi marotaba 3 ta yo`llanma qo`lga kiritildi.
Og`ir atletika bahslarida ilk bor 2 qizimiz Olimpiada yo`llanmasiga sazovor bo`ldi.
Taekvondo bo`yicha terma jamoamiz o`z tarixida birinchi marta Olimpiya o`yinlarida to`liq tarkibda (2+2) ishtirok etadi.
Tokio-2020 Olimpiya o`yinlarida Olga Zabelinskaya velosiped sportida ayollar o`rtasida ishtirok etgan dastlabki o`zbekistonlik sportchi bo`lib tarixga kiradi.
Svetlana Radzivil 4 ta Olimpiya o`yinlarida ishtirok etgan o`zbekistonlik dastlabki engil atletikachi nomiga sazovor bo`ladi.
Delegasiyamizning eng yoshi katta sportchisi. Bu borada kimning ism-sharifini keltirib o`tishimiz ayon. Afsonaviy Oksana Chusovitina (1975-yil 19-iyun) 46 yoshida sport gimnastikasi bo`yicha Olimpiya o`yinlarida ishtirok etmoqda.
Delegasiyamizning eng kichik sportchilari: Zaynab Dayibekova hamda Sevara Safoeva. E`tiborlisi, har ikki vakilimiz ham 2002-yil 19-noyabr sanasida tavallud topishgan. Zaynab Dayibekova bo`lajak Olimpiadada qilichbozlikning sablya yo`nalishida ishtirok etsa, Sevara Safoeva badiiy gimnastikaning guruh mashqi dasturida yurtimiz sharafini himoya qiladi.






