1

Insonparvarlikning falsafiy ko`rinishi — Ekzistensializm oqimining adabiylashuvi

Mutolaa 09.07.2021, 20:53
Insonparvarlikning falsafiy ko`rinishi — Ekzistensializm oqimining adabiylashuvi

II jahon urushi tugaganiga 75 yildan oshgan bo`lsa-da, uning dahshati hali hamon insoniyatni larzaga soladi. Qancha qirg`inbarotlarning sababchisi bo`lgan bu urush to`rining asosiy o`ljasi Evropa bo`lganligi hech kimga sir emas. Urush yakun topgandan so`ng Evropa tushkunlik va umidsizlik girdobiga g`arq bo`ldi. Ana shu paytda insonlar najotga, nimadandir kuch olishga muhtoj edi. Aynan shu davrda ekzistensializm falsafiy oqimi maydonga keldi. Bu oqim insonparvarlik oqimi deb ham talqin qilinadi. Ekzistensializm oqimning adabiylashishiga sababchi bo`lgan publisistlardan biri Jan Pol Sharl Aymard Sartrdir.

U 1905 yilning 21 iyunida Parijda dunyoga kelgan. Buyuk faylasuf, yozuvchi, dramaturg, publisist, ekzistensialist Sartr o`zining 75 yillik umrini arzirli ishlarga sarf etgan. Metafizika, epistemiologiya, etika, siyosat, fenomenologiya, ontologiya kabi fanlarni chuqur o`zlashtirgan. II jahon urushi davrida Fransiyada yuz bergan qarshilik harakatlarida (1941–1945) faollik ko`rsatdi. Siyosiy mavzuda 9 kitobdan iborat “Holatlar” asarini yaratdi. 50 yillarda tinchlik tarafdorlariga qo`shilib, irqchilikka qarshi ma`ruzalar o`qigan. “Adabiyot nima?”, “Bodler”, “Avliyo Jene, masxaraboz va jafokash”, “Devor”, “Ozodlik yo`llari”, “Yopiq eshik ortida”, “Iblis va Xudo”, “Altona mahbuslari” kabi   asarlari Sartr ijodining durdona­laridir.

Jan Polning falsafiy asarlari 1964 yili Nobel mukofotiga loyiq ko`rildi. Ammo yozuvchi bu mukofotni olishdan bosh tortgan.

Uning mashhur essesi — “Ekzistensializm — bu insonparvarlik”da adib ekzistensializm falsafasini yoqlab chiqdi. Ekzistensializm so`zi lotin tilidan olingan bo`lib, “existentia”—“yashash, mavjudlik” ma`nolarini anglatadi. Sartrning talqiniga ko`ra bu falsafiy ta`limot mohiyatdan mavjudlikni yuqori qo`yadi. Unga ko`ra inson dastlab mavjud bo`lib dunyoga keladi, o`zining kimligi, atrofini nimalar qurshaganini keyin o`ylab, o`zi uchun mohiyatni kashf etadi. Sartrning ekzistensialistik essesini Abdulla Sher ruschadan o`zbekchalashtirgan. Esse yozilgan til fransuz tili.   Asarning prologi ham, epilogi ham mavjud emas. Esse ekzistensializm ta`limotining mohiyatiga bag`ishlangan. Adib asarini ekzistensializm naturalizm emasligi to`g`risidagi mulohaza­lari bilan boshlagan. Shuningdek, esseda ushbu falsafiy oqimning tarixi, tavsifi va diniy, dahriy, ya`ni dunyoviy yo`nalishlariga va bu yo`nalish namoyanda­lariga alohida to`xtalib o`tgan. Jumladan, o`zining dahriy, ekzistensializm tarafdori ekanini ham bayon qilgan. Jan Polning yozishicha, ekzistensializm xilma-xil yo`nalishdagi ta`limotlarni insonning ma`naviy dunyosi, inson taqdiri, erkinligi g`oyalari aso­sida umumlashtirdi. Ekzistensializm vakillari 2 yo`nalishga bo`lingan:

1. Dunyoviy (Xaydegger, Sartr, Kamyu).

2. Diniy (Yaspers, Marsel).

Xaydegger, Sartr, Kamyularning ta`limotiga ko`ra inson o`zini yaratish jarayonini o`zi erkin amalga oshiradi. Insoniyat oldida ulkan imkoniyatlar mavjud. Qaysi birini tanlashda u erkindir.

Diniy ekzistensializm vakillari fikricha, inson o`z erkin faoliyati davomida Xudoga qarab unga etishish uchun koinot tomon harakat qiladi. Haqiqiy erkinlik insonga tah­likali onlarda, tashvishda, yolg`izlikda namo­yon bo`ladi. Hayot, o`lim, qo`rqinch, dahshat tushunchalari bu ta`limotning markaziy tushunchalaridir. Diniy ekzistensialistlarning fikricha, olam ma`nosiz, uning mohiyatini anglash abadul abad jumboqligicha qoladi, inson umri o`tkinchi bo`lganligi uchun ham dahshatlidir.

Esseda lirik chekinish, peyzaj, portret, epigraf yo`q. Esse mavzusi ekzistensializm falsafiy ta`limoti, g`oyasi esa bu ta`limot to`g`ri ekanini isbotlashga qaratilgan. Esse ekzistensialistik oqimda, ya`ni mavjudlikni ko`rsatib, mohiyatni echish o`quvchiga topshiriluvchi adabiy yo`nalishda yozilgan. Mavhumliklarning ko`p uchrashi o`quvchi fikrini chalg`itadi, kuchliroq tafakkur qilishga undaydi. O`z qarashlari to`g`ri ekanini isbotlash uchun muallif Xaydegger, Dekart, Didro, Volter, Kant, Nitshe, Zolya, Fransis Ponj, Rasin Jan kabilarning hayoti va ijodiga ko`p bor murojaat qiladi. Shu bilan birga esseda kelajak oldindan bitib qo`yiladi, biz esa uni shunchaki ijro etamiz degan qarash rad etiladi. Aksincha, kelajak hayotni inson o`z harakatlari bilan barpo etishi uqtiriladi. Faylasuf essesida hayotning ma`nosi yo`qligi, uni har kim o`zi o`ylab topishi haqidagi mulohazalarini kitobxonga havola etgan. Har bir inson mutolaadan so`ng o`zicha mantiq kashf etadi, o`zicha xulosalaydi. Bu asar eng avvalo doimiy harakat yutuqlar kafolati ekanini anglatadi. Jan Pol Sartr “Ekzistensializm” essesida boshqa ta`limotlarni rad qilmagan, shunchaki, o`zi tanlagan oqim haqligini isbotlashga intilgan xolos. Hayotni o`zingiznikiga aylantirmas ekansiz, u siz uchun hech narsa kasb etmaydi. Umringizga o`zingiz ma`no baxsh eting, hayot kundaligingizni o`zingiz to`ldiring, shundagina u kamalakdek jilolanadi. Asarning ajoyib mazmunini shu ikki jumla bilan ifodalash mumkin.

Risolat MAXSIMOVA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1