1

G`ijduvonda katta yo`lni to`sib, norozilik uyushtirgan ayollar qamaldi

Jamiyat 17.07.2021, 09:30
G`ijduvonda katta yo`lni to`sib, norozilik uyushtirgan ayollar qamaldi

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G`ijduvon tumanida bir nechta ayollar katta yo`lga chiqib, mashinalar yo`lini to`sib, norozilik uyushtirgani aks etgan video tarqalgan edi. 

Ushbu videolavha Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi mas`ul xodimlari tomonidan o`rganilganildi, deya xabar bermoqda Boshqarma Axborot xizmati. 

Aniqlanishicha, G`ijduvon tumani Chorsu mahallasida yashovchi 1978 yilda tug`ilgan I.M. tumanning Qo`rg`on mahallasi hududida 90 o`ringa mo`ljallangan xususiy maktabgacha ta`lim muassasasini Buxoro viloyati Ipoteka bankidan olgan 1 milliard 275 million so`m kredit mablag`lari hisobiga 2018 yilning 31 dekabr kuniga qadar qurib, o`z faoliyatini boshlashi kerak bo`lgan.

Biroq, I.M. ismli tadbirkor ayol o`zboshimchalik bilan quvvatni oshirib, 90 o`rinli muassasa o`rniga 150 o`ringa mo`ljallangan binoni qurgan. Bundan tashqari, tadbirkor bankdan qo`shimcha ravishda 21 foizli 300 million so`m kredit mablag`larini ham olgan.

Hozirgi kunda katta miqdordagi qarzdorligi bo`la turib, har oylik foiz to`lovlarini to`lay olmayotgan bo`lishiga qaramasdan, u yana bankdan yirik miqdorda kredit so`rab, bank tomonidan unga ishonchsizlik bildirilib kredit mablag`lari ajratilmayotganligi sababli, tuman hokimligiga kredit mablag`larining to`lab berilishi to`g`risida noqonuniy talab qo`yib, joriy yilning 15 iyul kuni o`ziga tanish bo`lgan fuqarolar bilan birga xalqaro ahamiyatdagi M-37 avtomobil yo`lining qatnov qismiga chiqib, yo`lni to`sib qo`ygan.

Ushbu holat yuzasidan I.M. va uning sheriklariga nisbatan G`ijduvon tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to`plangan hujjatlar mazmunan ko`rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudiga yuborilgan.

Jinoyat ishlari bo`yicha G`ijduvon tuman sudining 16 iyul kunidagi qarori bilan I.M. va uning 6 nafar sheriklari O`zbekiston Respublikasi MJtK.ning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasi (yig`ilishlar, mitinglar, ko`cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o`tkazish tartibini buzish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma`muriy javobgarlikka tortildilar.

Jumladan: huquqbuzarlik tashkilotchisi fuqaro I.M. ga nisbatan 11 sutka, uning sherigi X.A.ga nisbatan 15 sutka, Yo.D. va P.F.larga nisbatan 10 sutka, S.D. va Q.M.larga nisbatan 8 sutka ma`muriy qamoq jazosi tayinlangan bo`lsa, ularning yana bir sherigi A.M. ga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobari miqdorida, ya`ni 4.900.000 (to`rt million to`qqiz yuz ming) so`m jarima jazosi tayinlandi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1