Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi tomonidan pandemiya sababli chet elga ishga ketolmagan fuqarolarni turli xorijiy davlatlarga ishga jalb qilish bo`yicha amaliy choralar ko`rilmoqda.
Agentlikdan ma`lum qilinishicha, Rossiya Federasiyasining qator ish beruvchilari bilan imzolangan kelishuvlarga asosan 26 nafar yurtdoshimiz Toshkent – Moskva yo`nalishidagi aviareys orqali vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkiliy tartibda Moskva shahriga jo`nab ketdi.
Shu kuni 4 nafar yurtdoshimiz Toshkent – Qozon aviareysi bilan Tatariston Respublikasiga yuborildi.
Shuningdek, ish beruvchi korxona vakillari ishtirokida o`tkazilgan tanlovlardan muvaffaqiyatli o`tgan 38 nafar fuqarolar Namangan xalqaro aeroportidan Moskva shahriga ketdi.
Urganch – Krasnodar yo`nalishidagi aviareys orqali ish beruvchi korxona vakillari ishtirokida o`tkazilgan tanlovlardan muvaffaqiyatli o`tgan 88 nafar fuqaro Urganch xalqaro aeroportidan tashkiliy tarzda jo`natildi.
Xorijga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqarolar bilan odam savdosining salbiy oqibatlari va unga qarshi kurashish bo`yicha targ`ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Ularga tarqatma materiallar berildi.






