Qonunchilik palatasining yaqinda bo`lib o`tgan yalpi majlisida mamlakatimizda fuqarolarning sog`lig`ini saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar, shu jumladan, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash doirasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Yig`ilishda Sog`liqni saqlash vaziri A. Xadjibaev va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i B. Yusupalievning axboroti eshitildi.
Majlisda deputatlar oxirgi vaqtlarda koronavirus bilan kasallanish holatlari butun dunyoda, shu jumladan, mamlakatimizda ham yana ko`paya boshlagani xavotirga sabab bo`layotganini ta`kidladilar. Ayniqsa, aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash masalasi qizg`in bahs-munozaralarga sabab bo`ldi.
Ayrim deputatlar emlash tadbirlarini «majburiy tartibda» amalga oshirish zarurligini ta`kidlashdi. Ba`zilari esa, buni aksini aytishdi.
Muhokamalar davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov quyidagilarni ta`kidladi:
«Avvalo, ushbu masala, ya`ni aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi «majburiy emlash»ni joriy qilish, yalpi yig`ilish kun tartibiga qo`yilmagan. Aksincha, emlash ishlarini tashkiliy jihatdan to`g`ri va samarali yo`lga qo`yish, bu borada fuqarolarimizning xavfsizligini kengroq ta`minlash birinchi galdagi vazifa ekanligidan kelib chiqib, vaksinasiya ishlarini muhokama qilish, tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsad qilib olingan.
Yana shuni alohida ta`kidlash kerakki, ayni paytda mamlakatimizda amalda bo`lgan «Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida»gi Qonunda fuqaroning o`z ixtiyori bilan rozilik berishi tibbiy aralashuvning dastlabki zarur sharti ekanligi belgilab qo`yilmagan. Shuningdek, fuqaro va uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning to`xtatilishini talab qilish huquqiga ega degan talab qat`iy mustahkamlab qo`yilgan.
Xuddi shu kabi normalar boshqa bir qator qonunlarda ham mavjudligi emlash tadbirlarini majburiy tarzda amalga oshirish mumkin emasligini ko`rsatadi. Ya`ni, emlash tadbirlarini majburiy amalga oshirish uchun avvalo, bir qator huquqiy hujjatlarga belgilangan tartibda o`zgartish yoki qo`shimchalar kiritish talab etiladi.