O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Filippin Respublikasining Mindanao oroli janubiy sohillari yaqinida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida insonlar halok bo'lgani va jabrlanganlar borligi munosabati bilan mamlakat Prezidenti Ferdinand Romualdes Marcos kichikka ta'ziya yo'lladi.
Davlat rahbari o'z murojaatida tabiiy ofat qurbonlarining oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, ularning dardiga sherik ekanini ta'kidlagan. Shuningdek, jarohat olgan fuqarolarning tez orada sog'ayib ketishini tilagan.
Ma'lum qilinishicha, Mindanao oroli yaqinida sodir bo'lgan kuchli zilzila aholi yashash manzillari hamda qator infratuzilma obyektlariga jiddiy zarar yetkazgan. Hozirda hududda qutqaruv ishlari davom etmoqda, vayronalar ostida qolganlarni qidirish va jabrlanganlarga yordam ko'rsatish choralari ko'rilmoqda.
Filippin rasmiylarining dastlabki ma'lumotlariga ko'ra, qurbonlar va jabrlanganlar soniga oid raqamlar aniqlashtirilmoqda. Mamlakatning bir qator hududlarida favqulodda xizmatlar kuchaytirilgan tartibda ish olib bormoqda.






