AsosiySIYOSAT

Shavkat Mirziyoyev Putinga Rossiya kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi

Prezident oʻz tabrigida erishilgan kelishuvlar ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va xalqlar farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

'Shavkat Mirziyoyev Putinga Rossiya kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi'ning rasmi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni mamlakatning milliy bayrami — Rossiya kuni munosabati bilan samimiy tabrikladi.

Davlat rahbarining tabrik maktubida ushbu sana Rossiya xalqining boy ma’naviy merosi, milliy qadriyatlari hamda taraqqiyot va yuksalish sari intilishini o‘zida mujassam etishi ta’kidlangan.

Shuningdek, maktubda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani, savdo-iqtisodiy, hududlararo va gumanitar sohalardagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani qayd etilgan. Xususan, yaqinda Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarining mustahkamligini yana bir bor namoyon etgani bildirilgan.

Prezident o‘z tabrigida erishilgan kelishuvlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, xalqlar farovonligi yo‘lida ko‘p qirrali sheriklik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirgan.

Ma’lumot o‘rnida, 1990 yil 12 iyun kuni RSFSR xalq deputatlari qurultoyi tomonidan "Rossiyaning davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya" qabul qilingan. Mazkur sana mamlakat mustaqilligi va zamonaviy davlatchilik tarixida muhim bosqich sifatida e’tirof etiladi. Ilk bor 1992 yildan nishonlana boshlangan bayram dastlab "Davlat suvereniteti to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan kun" deb atalgan bo‘lsa, 2002 yildan e’tiboran rasman "Rossiya kuni" nomi bilan nishonlanib kelinmoqda.

    Boshqa yangiliklar