Respublika maxsus komissiyasining yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog`liq epidemiologik vaziyat barqarorligini ta`minlashda ko`rilayotgan choralarni muvofiqlashtirish masalalari bo`yicha kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Unda mamlakatimizdagi epidemiologik holat hududlar kesimida tahlil qilindi. Kasallikning keng tarqalishini oldini olish maqsadida fuqarolarni karantin qoidalariga rioya qilish borasidagi mas`uliyatini oshirish bo`yicha vazifalar belgilandi.
Yig`ilishda aytilganidek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi to`lqinlarini oldini olish ommaviy vaksinasiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligini ta`kidlamoqda. Shu munosabat bilan so`nggi vaqtda dunyo miqyosida koronavirusga qarshi majburiy vaksinasiya amaliyoti keng joriy etilmoqda.
Yurtimiz qonunchiligida ham “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to`g`risida”gi qonunga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi atrofdagilar uchun xavf tug`diruvchi yuqumli va parazitar kasalliklar paydo bo`lishi hamda tarqalishi xavfi bo`lgan taqdirda tegishli sanitariya-gigiena va epidemiyaga qarshi tadbirlar o`tkazish to`g`risida qarorlar chiqarish vakolatiga egaligi ko`zda tutilgan.
Ushbu qonunning 30-moddasida sanitariya-gigiena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar majmuiga profilaktik emlashlar o`tkazish ham kiritilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olib, O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i Bahodir Yusupalievning “O`zbekiston Respublikasi aholisi o`rtasida koronavirus infeksiyasining tarqalib ketishini oldini olish bo`yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish to`g`risida” qarori qabul qilindi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi tomonidan 2015 yil 15 martda tasdiqlangan 0239-07-sonli “Yuqumli kasalliklar immunoprofilaktikasi” sanitariya qoidalari va normalaridagi epidemiologik ko`rsatma asosida emlash jadvaliga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tartibi yuzasidan qo`shimcha kiritildi.
️Unga asosan:
- 2021 yil 1 sentyabrgacha 18 yoshdan katta bo`lgan quyidagi toifa yoki guruhdagi aholi qatlami koronavirus infeksiyasiga qarshi 1-doza vaksinalari;
- 1 oktyabrgacha 2-doza vaksinalari;
1 noyabrgacha 3-doza vaksinalari bilan ommaviy emlanishi (salomatligi bo`yicha qarshi ko`rsatma bo`lgan hollar bundan mustasno) shartligi belgilandi.
Ular quyidagilar:
- aholi bilan muloqotga kiruvchi barcha turdagi xizmat ko`rsatish ob`ektlarining (davlat xizmatlari markazlari, pochta bo`linmalari, banklar, lizing tashkilotlari, notariuslar, sug`urta kompaniyalari, go`zallik salonlari, sartaroshxonalar va boshqalarning) xodimlari;
- barcha turdagi savdo ob`ektlarining (oziq-ovqat, xo`jalik mollari, kiyim-kechak do`konlarining, dorixonalarning va boshqalarning) xodimlari;
- sport maktablarining hamda sport inshootlarining xodimlari;
- madaniy hamda ko`ngilochar ob`ektlarning va dam olish maskanlarining xodimlari;
- mehmonxonalarning, uy mehmonxonalarining, xostellarning, otellarning, yotoqxonalarning va kempinglarning ishchi-xodimlari;
- yo`lovchi tashish bilan shug`ullanuvchi davlat va nodavlat tashkilotlarning xodimlari;
- davlat va nodavlat ta`lim muassasalarining xodimlari;
- harbiy xizmatchilar;
- umumiy ovqatlanish korxonalarining, xususan, jamoat joylarida joylashgan tezkor ovqatlanish shoxobchalarining, choyxonalar, to`yxonalar, kafelar va restoranlarning xodimlari, shu jumladan, mahsulotlarni etkazib berish bilan shug`ullanuvchilar;
- barcha turdagi davlat va nodavlat tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy ob`ektlarning xodimlari;
- kommunal xizmat sohasi xodimlari;
- aloqa va telekommunikasiya ob`ektlarining xodimlari;
- davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining xodimlari;
- huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xodimlari.






