AsosiyJamiyat

Innovasion rivojlanish vaziri Jahon banki loyihasi Xalqaro ekspert kengashi a`zolari bilan muzokaralar o`tkazdi

'Innovasion rivojlanish vaziri Jahon banki loyihasi Xalqaro ekspert kengashi a`zolari bilan muzokaralar o`tkazdi'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov Jahon banki ishtirokidagi «O`zbekiston milliy innovasion tizimini modernizasiya qilish» loyihasi doirasida virtual missiya hamda loyiha doirasida tashkil etilgan Xalqaro ekspert kengashi a`zolari (XEK) bilan muzokara o`tkazdi.

Innovasion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov yig`ilish ishtirokchilarini Xalqaro ekspert kengashi tashkil etilgani bilan tabriklab, O`zbekistonda ilm-fan, texnologiyalar va innovasiyalar sohasida so`nggi paytlarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelajakdagi rejalar bilan tanishtirdi.

Uchrashuvda loyiha doirasida moliyalashtirish shartnomasida nazarda tutilgan majburiyatlarning bajarilishini muhokama qilindi, shuningdek loyiha tarkibiy qismlarini amalga oshirish rejasini ko`rib chiqilib, o`zaro kelishildi.

Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Jahon bankining «O`zbekiston milliy innovasion tizimini modernizasiya qilish» loyihasi doirasida Xalqaro ekspert kengashi (XEK) jahonning ilg`or davlatlari tajribalarini loyihaga tatbiq etishda Loyihani amalga oshirish guruhiga ko`makdosh bo`lishlarini aytib o`tildi. Bunda O`zbekistonning milliy innovasion tizimini modernizasiya qilish, global bozorda milliy mahsulotlar va xizmatlarning raqobatbardoshligini, iqtisodiyot diversifikasiyasi samaradorligini hamda aholining turmush darajasini oshirishga alohida urg`u beriladi.

Muzokara davomida O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri keyingi yillarda ilm-fanni moliyalashtirish tizimi o`zgargani — endi ilmiy-tadqiqot institutlarga emas, balki alohida loyihalarga maqsadli mablag` ajratilayotgani va qo`lga kiritilgan ilmiy izlanishlar natijalari amaliyotga tatbiq etilishi kutilayotganini aytib o`tdi.

Ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap-loyihalarni moliyalashtirish va startapchilar bilan malakali mentorlar ishlashini ta`minlash hamda innovasion markazlar faoliyatini takomillashtirish kabi masalalarda fikr almashildi.

Ta`kidlash joizki, mazkur loyiha davlat ilmiy-tadqiqot institutlari (ITI) va oliy ta`lim muassasalariga (OTM) xalqaro darajadagi tadqiqotlarini olib borishga yordam beradi, shuningdek, ularning ish natijalarini tijoratlashtirishga imkon beradi. ITI va OTM ilmiy xodimlari ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari, jumladan, xalqaro tadqiqotchilar va xususiy sektor ishtirokida qo`shma loyihalarni amalga oshirishni moliyalashtiradigan grantlar olish uchun ariza topshirishlari mumkin.

Bundan tashqari, mahalliy firma va kompaniyalar boshlang`ich loyihalarga sarmoya kiritish uchun mahalliy va xalqaro bozorlarda talab qilinadigan yangi yoki mavjud innovasion mahsulot va xizmatlarni ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlanmalari sohasida grant olish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Masalan, ular tibbiy, farmasevtika va biotexnologik mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqish, shuningdek, ilm-fan va texnologiyaning boshqa istiqbolli yo`nalishlari bo`yicha loyihani moliyalashtirish uchun ariza topshirishlari mumkin.

 

I.Abdurahmonov, 2022−2026 yillarga mo`ljallangan Jahon bankining O`zbekiston Respublikasi bilan Hukumatning mamlakatni keyingi besh yilga mo`ljallangan ijtimoiy-iqtisodiy va rivojlanish rejalariga javob beradigan sheriklik dasturi doirasida «O`zbekiston milliy innovasion tizimini modernizasiya qilish» loyihasi eng muvaffaqiyatli loyihalardan biri bo`lishiga ishonch bildirdi.

 

O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vaziri tomonidan Xalqaro ekspert kengashining (XEK) raisi doktor Erbol Suleymenov saylangani bilan tabriklab, barcha (XEK) a`zolariga loyiha doirasida kelgusida amalga oshiradigan faoliyatlariga zafarlar tilab qoldi.

 

Jahon Bankining missiyasi o`z navbatida, fan, texnologiyalar va innovasiyalar sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish va bu yo`nalishda O`zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlantirish vazirligi bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirib o`tdi.

 

O`z o`rnida I.Abdurahmonov aloqalarni kengaytirish bo`yicha muntazam uchrashuv va muzokaralar o`tkazishga tayyorligini va yuqorida keltirilgan sohalarda Jahon Bankini to`liq qo`llab-quvvatlashini aytib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar