O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi doirasida “Yurtdoshlar” (http://yurtdoshlar.uz/) sayti ishga tushirildi. Bu haqda "Dunyo" AA ma`lum qildi.
Mazkur loyiha O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbek tilini rivojlantirish jamg`armasi, boshqa mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Saytning asosiy maqsadi – xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning madaniy va til o`zligini, ularning milliy an`ana va qadriyatlar bilan uzviyligini saqlab qolish.
Sayt quyidagi ruknlardan iborat:
- “O`zbekiston” (mamlakat haqida muhim ma`lumotlar)
- “O`zbek tili” (o`zbek tili o`rganuvchilar uchun dasturlar, darsliklar)
- “Men o`zbekman” (xorijda muvaffaqiyatga erishgan mashhur vatandoshlar to`g`risida ma`lumotlar),
- “O`zbek media” (milliy kino, multfilm, audio mahsulotlar)
- “Interaktiv xizmatlar” hamda “Yangiliklar”.
Yangi sayt joriy yilning iyun oyidan test rejimida ishlay boshladi.






