AsosiyJamiyat

Samarqandda shifokorlarni kaltaklagan fuqaro qamoqqa olindi

'Samarqandda shifokorlarni kaltaklagan fuqaro qamoqqa olindi'ning rasmi

Avvalroq, Samarqandlik fuqaro yarim kechasi QVPda shifokorlarni kaltaklagani haqida xabar bergan edik. Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati holatning keyingi tavsilotlarini ma`lum qildi.

Ochiqlanishicha, 15 iyul kuni soat tahminan 22:30 da  Samarqand viloyati Pastdarg`om tumani “Zarbdor” oilaviy shifokorlik punktida joylashgan tez tibbiy yordam bo`limiga tumanning “Qo`shquduq” mahallasida yashovchi fuqaro X.M. mast holda keladi va 22 yoshli o`g`li M.J. betob ekanligini aytib, shu kuni o`z navbatchiligini o`tayotgan shifokor T.F. va feldsher N.I.lardan tezda uning yashash manziliga borishni aytadi. Biroq bemor manziliga otlangan tibbiyot xodimlari birinchi yordam qutisini olishga ulgurmasdan telefon orqali boshqa bir manzildan chaqiruv bo`ladi.

Navbatchi feldsher N.I. telefon orqali chaqiruvni rasmiylashtirish vaqtida fuqaro  X.M. betoqatlik bilan feldsher N.Ini haqoratlab, unga qo`l ko`taradi. So`ng kaltaklangan feldsherni ish joyida qoldirib, shifokor T.F.ni mashinasiga o`tirishga majburlaydi. Yashash manziliga borgach, humoridan chiqmagan fuqaro arzimagan bahonalar bilan shifokorni ham haqorat qila boshlaydi. Bunga ham qanoat qilmagan “mushtumzo`r” tez tibbiy yordam bo`limi shifokori T.F.ni xizmat vazifasini o`tayotgan vaqtda ayovsiz kaltaklaydi.

Shundan so`ng shifokor T.F. zudlik bilan Pastdarg`om tuman tibbiyot birlashmasining travmatologiya bo`limiga olib kelingan.

Tibbiy tekshiruv davomida 1988 yilda tug`ilgan shifokor T.F.ga bosh miya jarohati, jumladan, bosh miya chayqalishi, pastki lab ichki yuzasida urib yirtilishi hamda ko`krak qafasi yumshoq to`qmalarining lat eyishi tashxisi qo`yilgan. Ayni paytda unga shifokorlar tomonidan stasionar sharoitda zarur tibbiy muolajalar ko`rsatilmoqda.

Shuningdek, 1978 yilda tug`ilgan navbatchi feldsher N.I.ga burun suyagining yopiq sinishi kabi jarohatlar bilan tuman tibbiyot birlashmasida tibbiy yordam ko`rsatildi.

Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilgan fuqaro X.M. ga nisbatan esa qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanildi va hozirda mazkur holat yuzasidan tuman huquq tartibot idoralari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, joriy yil 1 mart kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali tez tibbiy yordam shifokori X.Mga xizmat vaqtida fuqaro D.O tomonidan qilingan tajovuz uchun 2021 yil 16 martdagi sud hukmiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasining tegishli qismi bilan 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan va hozirda fuqaro D.O jazo muddatini o`tamoqda.

 

    Boshqa yangiliklar