Shu yilning 17 iyul kuni Sirdaryo viloyati Ichki ishlar Boshqarmasi va DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha Boshqarmasi hamkorligida o`tkazilgan tezkor tadbir natijasida, mavsumiy ishlash uchun Rossiya Federasiyasiga borib, u erda yashirin faoliyat olib borayotgan “Katibatul Tavxid val-Jixod” terrorchilik tashkiloti ta`siriga tushgan yashirin guruh faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Mazkur guruh a`zolari yashash joylariga qaytib kelishgach, yaqin qarindoshlari va mahalladoshlari orasida radikal qarashlarini targ`ib qilish, hamda Internet ijtimoiy tarmoqlari orqali terrorchilik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni tarqatish bilan shug`ullanganlar.
Aniqlanishicha, ular Rossiya hududida bo`lishlari davomida, Suriya Arab Respublikasida o`rnashib olgan terroristik tashkilotlarga moliyaviy ko`mak berib kelganlar va kelajakda o`zlari ham ushbu davlatga borib, jangarilar safiga qo`shilishni rejalashtirganlar.
Tezkor tadbir natijasida jinoiy guruhning Boyovut tumanida yashovchi 8 nafar va Surxondaryo viloyatida yashovchi 1 nafar a`zosi qo`lga olinib, ularning uyali aloqa vositalari hamda yashash manzillaridan ekstremistik mazmundagi materiallar aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirildi.
Ayni paytda, Sirdaryo viloyat IIB TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.






