Turkiyadagi ommabop elektron nashrdan biri - «haberakdeniz.com.» saytida o`zbek diasporasining faol vakili, professor Salih Aynuralning «O`zbekiston - borib ko`rish shart bo`lgan o`lka» sarlavhali maqolasi e`lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA .
Materialda O`zbekistonning tarixiy merosi, turizm salohiyati, muqaddas islom dini bilan bog`liq qadamjolari va bugungi zamonaviy rivojlanishi batafsil qalamga olingan.
Maqolada ta`kidlanishicha, qadim madaniyatlar chorrahasi bo`lgan O`zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaradosh.
"O`zbekiston tarixiy, madaniy me`rosi jihatidan Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng boy mamlakatdir. Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz osmon ostidagi ochiq shahar-muzeylar sifatida e`tirof etiladi. Bu shaharlarda bo`lsangiz, ko`chalarida kezsangiz o`zingizni tarixga tushib qolgandek his qilasiz. Tasavvur qiling, Samarqandni aylanib yurib, maktabda o`rganganlaringiz, kitoblardan o`qib hayratlangan Ulug`bekning rasadxonasiga duch kelasiz. U damda o`zingizni fazo qa`rida his qilasiz. «Ziji jadidi Ko`ragoniy» jadvalidagi 1018 ta yulduzga sayohat qilgandek tassavvur qilasiz ",- deb yozadi muallif.
Nashrda butun hayoti davomida bir marta ham engilmagan, qudratli davlat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur haqida alohida ma`lumotlar o`rin olgan.
«Samarqandga borganingizda Amir Temur maqbarasini, Mirzo Ulug`bek, Tillakori va Sherdor madrasalarini albatta tomosha qiling. Dunyo ilmiga ulkan hissa qo`shgan va O`zbekistonda tug`ilgan Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Farg`oniy, Ulug`bek va Ali Qushchidek mutafakkir olimlar bilan ayni havodan nafas olgandek bo`lasiz. Samarqandga borganda turkiy xalqlar ilm va tafakkurga qanchalik ahamiyat bergani va olimlarni ne chog`li e`zozlaganini yurakdan shohid his qilasiz. Buyuk allomalar Imom Buxoriy, Moturidiy, Termiziy, Bahouddin Naqshbandiy va Xo`ja Ubaydulloh Ahror hazratlarining maqbaralari yoki Qusam Ibn Abbosning qabrlari joylashgan Shohi Zinda ansamblini ziyorat kilsangiz o`zingizni xuddi ilohiy olamda his qilasiz. Shuning uchun, O`zbekiston faqatgina Turkiya xalqining emas, butun islom olamining borib ko`rishi kerak bo`lgan mamlakat sifatida ahamiyatlidir”, - deya ta`kidlanadi.
Maqolada yozilishicha, poytaxt Toshkent o`zining keng yo`llari, yam-yashil bog`lari va ko`rkam binolari bilan Turkiya uchun na`muna bo`la oladigan shahardir.
«Qisqasi, O`zbekiston biz uchun tabiat go`zalliklari, tarixiy va madaniy boyligi hamda mushtarak qadriyatlari nuqtai nazaridan borib ko`rilishi kerak bo`lgan o`lkalarning avvalida turadi. O`zbekistonga borganingizda o`zingizni zinhor begona his qilmaysiz», - deb yozadi Salih Aynural.
Maqolaning to`liq shakli bilan quyidagi havolasi orqali tanishishingiz mumkin.






