“O`zbekkonsert” davlat muassasasi Farg`ona viloyat bo`limida mehnat kelishuvi asosida inspektor vazifasida ishlovchi Umid Bektemirov Oltiariq tumanidagi xonadonlardan birida o`tayotgan to`yda xizmat qilyoatgan mahalliy xonandaga lisenziyasi yo`qligini aytib po`pisa qilib, undan o`z manfaati yuzasidan foydalanmoqchi bo`lgan. Holat yuzasidan O`zA ma`lumot berdi.
Xabarga ko`ra, 2020 yilning noyabr oyida Umid Bektemirov to`y vaqtida mahalliy xonanda D.Rahimovning yoniga borib, o`zini tanishtiradi. To`yda D.Rahimov lisenziyasiz musiqiy faoliyat bilan shug`ullanib kelayotganini aniqlaganini, unga 7 kun ichida lisenziya olish uchun hujjatlarni bo`limga taqdim etishi, aks holda javobgarlikka tortilishi to`g`risida ogohlantirdi.
Ertasi kuni ular Oltiariq tumani markazida uchrashganida, U.Bektemirov o`zini go`yoki D.Rahimovga yaxshilik qilmoqchi bo`layotgandek qilib ko`rsatib, musiqachilik yo`nalishida faoliyat yuritishga ruxsat beruvchi ruxsatnoma (lisenziya) olib berishini, buning uchun bo`lim boshlig`iga 500 ming so`m va davlat bojiga to`lov uchun 446 ming so`m miqdorda pul berishi lozimligini aytib, uni aldab, pora berishga dalolat qildi.
Biroq, D.Rahimov hozircha lisenziya olish uchun bunday imkoniyati yo`qligini, biroz muddat berishini so`raganida U.Bektemirov ko`nmadi. Xonanda holat bo`yicha huquqni muhofaza etuvchi idoralarga ariza bilan murojaat etdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti Oltiariq tuman bo`limi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda U.Bektemirov aldov yo`li bilan D.Rahimovdan Farg`ona shahar Xo`jamag`iz mahallasidagi umumiy ovqatlanish oshxonasida kimyoviy ishlov berilgan 950 ming so`m pullarni olgan vaqtida ushlandi va ushbu pullar undan xolislar ishtirokida daliliy ashyo tariqasida olindi.
O`z xizmat vazifasini suiiste`mol qilib, pora berishga dalolat qilgan U.Bektemirovga jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona shahar sudi hukmi bilan tegishlicha jazo qo`llanildi. 1 yil muddatga “O`zbekkonsert” davlat muassasasi tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.






