“Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi – Prezident ta`lim muassasalari agentligi etib qayta nomlandi.
2021–2025 yillarda Agentlik tizimida 13 ta yangi ixtisoslashtirilgan maktab qurilib, mavjud 5 ta ijod maktabi ta`mirlanadi.
2021 yil 1 sentyabrgacha:
- xalqaro (International Advanced Levels) dasturlar talablariga muvofiq o`quvchi va pedagog kadrlarning STEAM fanlari bo`yicha bilim va ko`nikmalarni baholash hamda ularga xalqaro darajadagi AS va A-LEVEL sertifikatlarini berish amaliyoti yo`lga qo`yiladi;
- Prezident maktablarida o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish, ularga keyinchalik o`qishini davom ettirish uchun OTMlarni tanlashda ko`maklashishga qaratilgan “Maktab maslahatchisi” (School Councillor) dasturi joriy etiladi;
- Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida ta`limga ehtiyoji bo`lgan bolalar uchun inklyuziv IT ta`lim joriy qilinadi.
2021/2022 o`quv yilidan O`zbekistondagi xorijiy OTM va ularning filiallari hamda nodavlat oliy ta`lim tashkilotlariga to`lov-kontrakt asosida o`qishga kirgan Prezident maktablari bitiruvchilariga to`lov-kontrakt summasini qoplash uchun subsidiya to`lanadi.
Shuningdek, quyidagilarga test sinovlarisiz va qo`shimcha imtihonlarsiz o`qishga kirish huquqi beriladi:
- Prezident maktablari bitiruvchilariga davlat oliy ta`lim tashkilotlariga umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul ko`rsatkichlariga nisbatan qo`shimcha davlat granti asosida;
- Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarning bitiruvchilariga ixtisoslik yo`nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta`lim tashkilotlarining kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to`lov-kontrakt asosida;
- Agentlik tizimidagi ijod maktablarining bitiruvchilariga ixtisoslik yo`nalishidan kelib chiqib davlat oliy ta`lim tashkilotlarining tilshunoslik, adabiyot, pedagogika, tarjimonlik, jurnalistika sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga umumiy belgilangan qabul parametrlaridan tashqari bazaviy to`lov-kontrakt asosida.
Xalqaro (International Advanced Levels) dasturlarning A va B darajadagi A-LEVEL sertifikatlariga ega abiturientlar davlat oliy ta`lim tashkilotlariga o`qishga kirishda sertifikat berilgan fan bo`yicha kirish imtihonidan ozod etiladi hamda ularga mazkur fandan maksimal ball beriladi.
Qaror bilan shuningdek, Agentlik huzurida yuridik shaxs maqomidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi tashkil etildi.






