O`zbekiston Axborot va ommaviy kommunikasiyalari agentligida "COVID-19"ga qarshi vaksinalarning aholi salomatligiga ta`siriga bag`ishlangan matbuot anjumani o`tkazildi. Bu haqda "Darakchi.uz" muxbiri xabar berdi.
AOKAda o`tkazilgan matbuot anjumanida Ilg`or texnologiyalar markazi biotexnologiya laboratoriya mudiri Dilbar Dalimova vaksina bo`yicha muhim ma`lumotlarni taqdim etdi.
"Ko`pchilik vaksina olgan bo`lsa ham koronavirusga chalinanayotgani va vaksina yordam bermayotgani haqida aytishmoqda.
️Aslida bu noto`g`ri.
Vaksina albatta yordam beradi. Qachonki vaksinani to`liq, barcha dozasini olsa, kasallikka qarshi immunitet paydo bo`ladi va kasallikni engish juda oson bo`ladi.
Albatta, emlandi, degani bu — umuman kasal bo`lmaydi, degani emas. Vaksina olgan kishi koronavirusni engil o`tkazadi, kasallik og`ir oqibatlarga olib kelmaydi, reanimasiyaga tushmaydi, o`lim holati kuzatilmaydi. Eng asosiysi shu.
Koronavirusning yangi shtammlariga nisbatan samaradorlik darajasi ham o`rganildi. Albatta, yangi shtammlarga uning ta`siri kamayadi. Boshqa vaksinalar samaradorligi 10-15 foizga kamaygan bo`lsa, O`zbekiston-Xitoy hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining samaradorligi bor-yo`g`i 1,2 foizga kamaydi. Bu degani — vaksina boshqa shtammlarga nisbatan ham ishlaydi, degani", — deya ta`kidladi mutaxassis.






