Innovasion rivojlanish vazirligi va Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi taklifiga ko`ra 23 iyul kuni Xitoyning “Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical” kompaniyasi delegasiyasi Toshkentga etib keldi.
Delegasiya hozirda yurtimizda qo`llanilayotgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini ishlab chiqarayotgan mazkur kompaniyaning bosh muhandisi Vang ZiJun, Eksport bo`limi boshlig`i Chen Fangvu hamda Chu Yingjin va Li Jifyao kabi mutaxassislardan iborat.
Delegasiya poytaxtimizga O`zbek-Xitoy vaksinasini O`zbekistonda ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha muzokaralar olib borish maqsadida tashrif buyurdi. Mutaxassislar vaksina ishlab chiqarish uchun infratuzilmaviy imkoniyatlarini baholaydi.
Xitoy Fanlar akademiyasi SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi nomzod vaksinasini yaratish loyihasining tashabbuskori va koordinatori hisoblanadi. Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi va Sog`liqni saqlash vazirligining Virusologiya ilmiy-tadqiqot institutining vaksina sinovlarida bevosita ishtiroki, shuningdek, klinik tadqiqotlarga qo`shgan hissasi natijasida O`zbekiston vaksinaning hammuallifi sifatida e`tirof etilgan.






