AsosiyJamiyat

Antibiotiklar koronavirusni davolamaydi — SSV

'Antibiotiklar koronavirusni davolamaydi — SSV'ning rasmi

Bugun aholi orasida koronavirusdan davolanish yoki profilaktika maqsadida antibiotik qabul qilish hollari uchrab turibdi. Ma`lumotlarga qaraganda, hozirda antibiotiklarni noto`g`ri qo`llash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam ko`rsatkich emas. Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining ma`lum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050 yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

— Eng avval aytish kerak bo`lgan gap shu: antibiotiklar koronavirusni davolamaydi. Chunki antibiotik — bakteriyalarga qarshi vosita, virusga ta`sir etmagani etmaganidek, uning tarqalishiga sharoit yaratib beradi, — deydi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig`i Muhabbat Ibragimova. — Antibiotiklarni reseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tug`ilganda u ta`sir qilmay qolishiga olib keladi. Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo bo`lgan bo`ladi.  

JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qo`llaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo`lsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik ta`sir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.

Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb o`ylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlashdi. Koronavirusga chalinganda antibiotik iste`mol qilinsa, kasallikka ta`sir qilmaydi. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus bo`ladi. Bemorning ahvoli og`irlashib, immunitet kuchsizlanadi.  

Agar bemor shunday sharoitda in`eksion va infuzion vositalar bilan uyda muolaja olsa, oqibati o`lim bilan yakunlanish xavfi bor.

Yana bir gap. Antibiotiklardan palapartish foydalanish tananing boshqa a`zolari faoliyatiga ham salbiy ta`sir etadi.  

Jumladan, insonda jigar va buyrak etishmovchiligi bo`lsa, ushbu vositadan o`zboshimchalik bilan foydalanish o`lim holatigacha olib borishi mumkin. Eng yomon ta`siri esa anafilaktik shok, ya`ni allergik reaksiya bo`lib, bemor qisqa muddat ichida vafot etadi.  

Shu bois, antibiotiklarni faqat va faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim. Aks holda kasallikdan davolanaman, deb o`zingiz va yaqinlaringiz salomatligiga jiddiy zarar etkazib qo`yishingiz mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar