Qator xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasining Samara viloyati Tolyatti shahridagi xostelda bir guruh o`zbekistonlik mehnat migrantlarining zaharlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Rossiya Federasiyasidagi vakolatxonasi mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh Konsulxonasi bilan hamkorlikda ushbu holatni o`rgandi. Bu haqda Agentlik Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, 2021 yilning 20 iyul kuni Tolyattidagi xostelda vaqtincha yashovchi mehnat migrantlari o`rtasida ommaviy kasallinish oqibatida 13 nafar chet el fuqarosi 5-shahar shifoxonasiga yotqizilgan. Shifoxonada davolanayotgan ushbu fuqarolarning 9 nafari O`zbekiston Respublikasi fuqarolari hisoblanadi. Bemorlarning barchasiga “noma`lum bakterial ichak infeksiyasi” tashxisi qo`yilgan va ularning holati qoniqarli.
Shuningdek, bemorlarning 1 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlangani sababli 1-shifoxonaga o`tkazilgan.
Shu bilan birga, Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ushbu yurtdoshlarimizga yuridik va tibbiy yordam ko`rsatilishiga tayyorligini ma`lum qiladi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Samara shahridagi vakolatxonasi:
Manzil: Samara sh., Novo-Sadovaya ko`ch., 3-uy
Telefon: +79260209491






