Prezident tavallud kuni munosabati bilan tabriklaganlarga minnatdorligini izhor etdi.
" Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin yurakdan tabriklab, samimiy qutlov va ezgu tilaklarini yo`llagan chet el davlat va hukumat, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblariga, ishbilarmon doiralar vakillariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, turli kasb egalari bo`lgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorligimni izhor etaman.
Hech shubhasiz, men uchun g`oyat qadrli bo`lgan ushbu tabrik va tilaklarni ko`pmillatli O`zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat hamda ehtirom ifodasi, mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro`-e`tibori va nufuzining yana bir e`tirofi sifatida qabul qilaman.
Jonajon yurtimizda keng ko`lamli demokratik o`zgarishlarni amalga oshirishda hal qiluvchi kuch bo`lib kelayotgan mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga yana bir bor o`zimning cheksiz farzandlik mehrim va hurmatimni bildirishdan behad mamnunman.
Ishonchim komilki, xalqimizning fidokorona mehnati, ulkan bunyodkorlik salohiyati va hamjihatligi bilan yangi O`zbekistonni barpo etish, el-yurtimizning tinch-osoyishta hayoti va farovonligini ta`minlash bo`yicha o`z oldimizga qo`ygan yuksak ezgu maqsadlarga albatta etamiz.
Chuqur hurmat bilan,
Shavkat Mirziyoev,
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti"






