Ijtimoiy tarmoqlarda «Qizilsoyda cho`milgan ayol samosud qilindi» sarlavhasi bilan video tarqaldi.
Mazkur holat Parkent tumani IIB Navbatchilik qismida 2021 yil 20 iyul kuni ro`yxatga olingan, deya holat yuzasidan ma`lumot bermoqda Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati rahbari.
Unga ko`ra, Parkent tumani, Nevich mahallasida yashovchi 1984 yilda tug`ilgan fuqaro M.M.(ayol) mahalla hududidan oqib o`tuvchi «Qizilsoy» soyida cho`milayotgan 1987 yilda tug`ilgan fuqaro D.G.(ayol)ni yoniga borib, bu suvdan iste`mol qilishlarini aytgan va u bilan janjallashib, D.G.ning egnida bo`lgan kiyimlarini zo`rlik bilan echib tashlagan. Uni urib-tepib tan jarohati etkazgan.
Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 1-qismi va 140-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jarayonda albatta qonun ustuvorligi va qilmishga yarasha jazoning muqarrarligi ta`minlanib, batafsil ma`lumot beriladi, deyilgan xabarda.






