1

Yuragimda saqlaganlarim: Chin dildan so`ralgan niyatlar amalga oshar ekan...

Mutolaa 25.03.2016, 14:29
Yuragimda saqlaganlarim: Chin dildan so`ralgan niyatlar amalga oshar ekan...

Bahor boshlanishi bilan har bir insonning ko`nglida ham orzu va armonlar bir bo`y ko`rsatib olarkan. Men ham shu kunlarda qalbimni og`ritiyotgan bir dardni “Yuragimda saqlaganlarim” rukniga izhor etgim keldi. Hayotning shunday sinovlari ham borligini, bu sinovlar insonga qo`qqisdan zarba berishi mumkinligini ko`pchilik bilmasa kerak. Keyin, chin dildan so`ralgan niyatlar ham amalga oshar ekan... 

— Buvijon, bu yil ham sumalak pishiramizmi? 

— Mayli, bolajonim, sen xohlayotgan bo`lsang, albatta pishiramiz sumalak. 

— O`tgan yili sumalak pishirganimizda oyim “astoydil niyat qilib, sumalakka kichik toshlardan terib kelsang, orzularingni aytib ularni solsang, so`raganlaring albatta amalga oshadi”, degandilar. Bilasizmi, men nimani niyat qilgandim o`shanda

— Yo`q, qizalog`im, aytmasang qayoqdan bilaman? – sho`x, qaqajon nabiram Parizodning yuzimga jiddiy tikilib bergan savolidan zavqlanib, niyati nima ekanini astoydil bilgim keldi. “Birpasda katta qiz bo`lib qoldi-ya”, harakatlariga qarab, xayolimdan o`tdi shu fikr. 

— Men o`shanda dadam kelsinlar, deb niyat qilgandim. Keyin yozda dadam keldilar-ku... O`shanda dadam biz bilan bir umrga qolsinlar, deb so`ramagan ekanman, shuning uchun ketib qoldilar yana. Yana sumalak pishirsak, doim biz bilan yashasinlar, deb so`rayman.

Nabiramning gaplarini eshitib, allanechuk bo`lib ketdim. Sho`x-shaddod, bir gapirib o`n kuladigan bu nabiramning qalbida shuncha sog`inch borligini, ota mehriga zor bo`lib o`sayotganini yana his qilib, yuragim ezildi. 

Mana, uch yildirki, o`rtancha qizim Zarifa ota uyida ikki qizi bilan yashayapti. Farzandim bag`rimda yashayotganligi bilan uning ham, bolalarinnig ham ko`ngli o`ksikligi, qalbi kemtikligi turmush o`rtog`im ikkalamizning yurak-bag`rimizni ezadi.

Qizimizni yaxshi joyga uzatdik, kuyovimiz toparmon-tutarmon, deb xursand bo`lgandik boshida. Bularning hammasi bir kunda yo`qqa chiqdi.

…O`shanda qahraton qish kunlari edi. Qizim yig`lab kirib keldi.

— Uyimizni sotdik, oyi, sizlarnikida ozroq yashab turaylik...

— Nega sotasizlar? O`zi yaqinda ko`chib o`tgandingiz-ku...

— Kuyovingiz sotishga majbur bo`pti. O`zi bir-ikki oy qo`shni davlatda ishlab kelarkan. Qaynonamnikida yashay desam, bilasiz, u erda ortiqcha uy yo`q. Yaqinda kelin tushirishdi... 

Boshida nima gapligini tushunmadik. Kuyovimiz esa o`sha kuniyoq g`oyib bo`ldi. Bozorda savdo qilayotgan kuyovning oyoq olishidan otasi xavfsirab yurgandi o`zi. Uni tekshirmoqchi bo`lib yurgandi. 

— Ering xorijga ketsa ham, shu uyda yashab turaversang bo`ladi-ku, sotishi shartmidi? – dedim qizimga. O`sha kuni u uyiga qaytib ketdi. Kechki payt notanish bir ayol ikkita barzangi bilan kelib, uyni ertagacha bo`shatib qo`yishlarini, bu uy endi unga tegishli ekanligini aytibdi. 

— Ering mendan katta pul qarz olgan. Sen bechora buni bilmasang kerak. Aslida bu uy qarzning yarmiga to`g`ri keladi, - deganmish ayol ketayotib.  Xullas, mahalladagi odamlarning og`zida birdan gap bolaladi:

— Falonchi odamlardan juda katta qarzmish, u olgan qarzini yuz yil yashasa ham to`lab bo`lmasmish.

— Shuncha pulni nimaga sarflagan bo`lishi mumkin? Hali alohida uy-joy ham qilmagan bo`lsa...

— Voy, men bir tanishimdan eshitdim, qimor o`ynarkan u. Avvaliga faqat uning qo`li baland kelaverib, qimorvozlar orasida birdan zo`riga aylanibdi. Uch-to`rt yildan beri oshig`i olchi ekan. Oxirgi paytlarda esa faqat yutqazaverib, boridan ayrilibdi. 

Bu gaplarga ishonishni ham, ishonmaslikni ham bilmay, boshimiz qotdi. Qizim ham, qudalar ham, bu gaplarni rad etishdi. Ikki-uch kun o`tmayoq besh-begona odamlar qudalarimnikiga ham, biznikiga ham tap tortmay bostirib kelib, kuyovimizni topib berishni, o`zidan falon so`m qarzdorligini aytib, da`vo qila boshlashdi. 

— Bu hovliga ikkinchi kelmanglar, kuyovim chet elga ishlashga ketgan, ikki-uch oyda qaytib kelib, qarzlaringizni qaytaradi. Ana, juda bo`lmasa, otasi bilan borib gaplashinglar. 

Kelganlarning hammasiga shu gaplarni aytaverib, turmush o`rtog`im juda g`azablanardi. Ba`zilari tap tortmay:

— Xotinini chaqiring, gapimiz bor unda, -  deyishgani hammasidan oshib tushdi.

Qudalarimiznikida ham shu hol takrorlanavergach, “unday o`g`lim yo`q, kechganman undan”, deb yuboribdi kasalmand otasi.

Avvaliga er-xotin endi qanday yo`l tutishni bilmay qoldik. Lekin qizimizning ahvolini o`ylab, o`zimizni qo`lga olish lozimligini tushundik. 

Axir qizimiznnig aybi nima? U kimga suyanadi bizdan bo`lak. Qaynota-qaynonasi o`z bolasidan ham tonib turgan bir paytda kelinga qayisharmidi. 

Qizim Zarifa ham bardoshli ekan. Boshiga tushgan bu kutilmagan zarbadan gangib qoldi, lekin o`zini tezda qo`lga oldi. Avvaldan birga ishlagan tanishlaridan surishtirib, erining daragini topdi. U qo`shni davlatda ishlayotgan ekan. Haqiqatdan ham katta miqdorda qarzdor bo`lib qolgani uchun ketishga majbur bo`libdi. 

Tez orada Zarifaga ham eridan xat va pul keldi. U hammamizdan ming marta kechirim so`rab, noto`g`ri ish qilib qo`yganini, endi buni to`g`rilash uchun bor kuchini sarflab, katta haq to`lanadigan og`ir mehnatda qiynalayotganini aytibdi. Xatida ota-onasiga o`xshab, undan voz kechib yubormasligimizni so`rab, iltijo qilgan. Shundan keyin har oyda bizga pul jo`natib, kimga qancha berish kerakligini ham yozib yuboradigan bo`ldi. Eshigimizga qarz so`rab keladiganlarning anchaginasiga pullarni qaytardik. Buni eshitib, ba`zida qarzi bo`lmaganlar ham pul so`rab kelisharkan. Turmush o`rtog`im qattiqqo`l odam bo`lgani uchun kelganlarga tilxat yozdirib olardi. 

— Bu xatlarni olib borib milisiyaga topshiraman, kuyovim qaytib kelganida u bilan hali hamma yuzma-yuz gaplashadi, - deb talab qo`yardi kelganlarga. Soxta qarzdorlar o`z-o`zidan shu gapdan keyin qorasini o`chirardi.   

Bir tomondan kuyovga rahmim ham keladi. Aslida u juda xushmuomala, ochiq yigit. Bilishimcha, qizim bilan yashagan shu olti yil ichida oralaridan yomon gap ham o`tmagan. Qizlariga ham mehribon edi. Undan yomon gap eshitmagani uchun qizim ham mana, to`rt yildan beri uni intizor kutadi. Qizlari ham dadasining qachon qaytib kelishini so`rashini qo`ymaydi. O`tgan yili sumalak pishirganimizda nabiralarim dadasini ko`rishni so`rab niyat qilgan ekan. Bolalarning niyati amalga oshibmi, yozda kuyovim uch-to`rt kunga kelib ketdi. Buni faqat Zarifa, men va ayol qudam bildik. Otasi ham bexabar qoldi. To`g`risi, kuyovnnig o`zi otasi bilan ham, qaynotasi bilan ham uchrashishdan qo`rqdi, aniqrog`i yuzi chidamadi. Biz ayollar esa baribir ko`ngilchanmiz-da, yig`lab-yig`lab u bilan ko`rishib, yana xayrlashdik.  

Uch yillik ayriliqdan keyin shaharda bir xonadonda uchrashdik. Diydor onlarida onaizor ham, xotini va bolalari ham u bilan lom mim demay, yig`lab ko`rishishdi. Axir o`rtalarida yomon gap so`zlar o`tmagan bo`lsa... Men esa kuyovimga achchiq gaplarni tayyorlab borgandim, lekin uning rang-ro`yi, avzoyini ko`rib, fikrimdan qaytdim. 

Tug`ishganlaridan yiroqda, yana bo`ynida shuncha qarz bilan yashash unga ham oson emasligini yuz-ko`zlari, rang-ro`yi aytib turardi. Birgina nafsning quliga aylangani uni shu ko`yga soldi. Endi bu botqoqdan qanday chiqishni bilmay, o`zini ham, yaqinlarini ham qiynamoqda. Diydorlashuv ikki kundan keyin tugadi. Kuyovim yana ishlayotgan joyiga qaytib ketdi. Axir uning boshqa yo`li yo`q, o`sha joyda qora mehnat qilib bo`lsa ham, sal ko`proq pul topyapti. Topgan pullari esa faqat qarz to`lashga ketyapti. To`rt yildan beri ahvol shu. Bu yana qancha davom etishini bilmaymiz. 

Yaqinda qizim:

— Oyi, ikki kun oldin kuyovingizdan xat oldim. Qarzlarim oz qoldi, yaqinda boraman. O`tgan to`rt yillik hayotim menga saboq bo`ldi. Seni, qizlarimni judayam yaxshi ko`raman. Birga yashaymiz. Seni shuncha qiynaganimning badalini to`layman, halol mehnat qilaman. Faqat sen menga ishonib, qo`llab tursang, bo`ldi. Shunda hammasiga kuch topaman, - deb yozibdi. - Zora hammasi ortda qolib, men ham, qizlarim ham o`z oilam bilan yashasak. Sizlarga, ukam va kelinimga ham to`rt yildan beri ortiqcha yuk bo`lib o`tiribman, - dedi. 

Qizimni anchadan beri bunaqa yaxshi kayfiyatda yurganini ko`rmaganim uchun unga qarab mening ham ko`nglim yorishdi.   

— Oyi, sumalak qilamiz, charchayman, demang, men o`zim qilaman hamma ishni. Siz o`rgatib tursangiz bo`ldi. Sumalakda niyatlarim juda ko`p...

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1