AsosiyJamiyat

Emlanmaganlarni cheklov kutmoqda

'Emlanmaganlarni cheklov kutmoqda'ning rasmi

Avvalroq, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tomonidan “Covid-19” yuqish darajasini pasaytirish va ijtimoiy immunitetni tashkil etish maqsadida aholini vaksinasiya qilish ishlarini jadallashtirish taklifi bildirilgan edi. Ushbu taklifdan kelib chiqib, tegishli qonunlarga o`zgartish va qo`shimchalar kiritilmoqda. Bu haqda partiya Matbuot xizmati ma`lum qildi.

Fraksiya yig`ilishida deputatlar “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta`minlashga qaratilgan o`zgartishlar va qo`shimcha kiritish to`g`risida”gi qonuni loyihasini birinchi o`qishda ko`rib chiqdilar.

Qonun loyihasida “Fuqarolar sog`lig`ini saqlash to`g`risida”gi Qonun 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli bo`lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo`lgan taqdirda O`zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan o`tkazish joriy etilishi mumkinligi to`g`risida aniq norma kiritilmoqda. Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo`lgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o`tishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qo`ymaslikka haqli ekanligi ko`zda tutilmoqda.

Buning natijasida koronavirus infeksiyasining yangi to`lqinlari oldini olish uchun aholi o`rtasida ommaviy vaksinasiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yanada mustahkamlanadi. Yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud bo`lgan taqdirda profilaktik emlash o`tkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

Bugun bu ofatdan himoyalanishning yagona yo`li emlanish ekani e`tirof etilayotgan bo`lsada, fuqarolarning vaksinalarga bo`lgan ishonchsizligi oqibatida emlashdan faqat 1 mln. 27 ming kishi o`tgan, xolos. Bu 18 yoshdan oshgan aholining 4,8 foizini tashkil qilmoqda. Jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun esa aholining 60-80 foizi emlanishi talab etiladi.

Xitoyda vaksinalarga bo`lgan ishonch 90 foiz, Braziliyada 80, Hindiston, Indoneziya va Tailandda 70, Turkiya va Meksikada esa 60 foizni tashkil etmoqda. Fransiya, Gresiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozog`iston, Tojikiston va boshqa davlatlarda majburiy vaksinasiya amaliyoti joriy etilgan.

Deputatlar ushbu qonun loyihasining ayni kundagi ahamiyatini hamda kasallikning yuqumlilik ko`lami oshib borayotganligini e`tiborga olib, qonun loyihasini birinchi o`qishda konseptual jihatdan ma`qulladilar.

    Boshqa yangiliklar