AsosiyJamiyat

Rossiyaga ishlash uchun borgan fuqarolarning maoshlari berilmayapti. Holat yuzasidan ma`lumot berildi

'Rossiyaga ishlash uchun borgan fuqarolarning maoshlari berilmayapti. Holat yuzasidan ma`lumot berildi'ning rasmi

Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya Federasiyasiga ishga borgan bir guruh o`zbekistonlik mehnat migrantlarining ularga va`da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani haqidagi murojaati tarqalgani haqida xabar bergan edik. 

Holat yuzasidan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lumot berdi.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi va Rossiya Federasiyasining “Yujny” agrokombinati o`rtasida qishloq xo`jaligida ishlash uchun 400 nafar fuqaroni tanlov asosida ushbu korxonaga jalb qilish bo`yicha kelishuvga erishilgan. Kelishuvda 33 ming rubldan 50 ming rublgacha oylik maoshi ko`zda tutilgan bo`lib, fuqarolarning yo`lkira, hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlari keyinchalik ularning ish haqidan ushlab qolish sharti bilan korxona hisobidan to`lab berilishi, agar bir yil davomida ishlasa, korxona tomonidan qoplanishi belgilangan.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Andijon viloyati filiali tomonidan ushbu korxonaning ishonchli vakili ishtirokida 2021 yilning 16 iyun kuni o`tkazilgan tanlovda tanlab olingan fuqarolarning 63 nafari 23 iyun, 22 nafari 29 iyun, 16 nafari 04 iyul, 42 nafari 5 iyul kunlari Cherkessk shahridagi “Yujny” agrokombinatida ishlash uchun jo`nab ketgan.

Korxonaga etib borgan yurtdoshlarimizning yashash va mehnat sharoitlari hamda pasportlarining ish beruvchi tomonidan olib qo`yilgani yuzasidan qilgan murojaatiga asosan vaziyatni o`rganish maqsadida joriy yilning 14-16 iyul kunlari Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ishchi guruhining ushbu korxonaga xizmat safari tashkil etildi.

Ishchi guruhi tomonidan o`rganishlar va ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar natijasida fuqarolarning yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o`z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo`yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirildi.

Shuningdek, ma`lum bo`lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video murojaat ushbu korxonada ishlovchi yurtdoshlarimiz o`rtasida bo`lib o`tgan o`zaro suhbat jarayonida bir soatga to`lanadigan ish haqini bir kunga beriladi, deb noto`g`ri tushunish oqibatida joriy yilning 15 iyul kuni, ya`ni ushbu fuqarolar ish boshlagan birinchi kuni yozib olingan.

    Boshqa yangiliklar