O`zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma`lumotlariga ko`ra so`nggi vaqtlarda Turkiyaga sayyoh bo`lib kelib, ma`lum bir muddatdan so`ng O`zbekistonga qaytmoqchi bo`lganlarning COVID-19 testlari natijalari “ijobiy” chiqayotganlar soni keskin oshib bormoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar qilmoqda.
Shu munosabat bilan Turkiyaga kelishni rejalashtirgan fuqarolarga quyidagilar ma`lum qilinadi:
Turkiyaning tegishli vazirlik va idoralari bayonnomalariga ko`ra, COVID-19 kasalligidan sug`urtalangan chet el fuqarolari tibbiyot muassasalarida bepul davolanish imkoniyatiga ega bo`ladilar. Ushbu virusning engil shakli bilan kasallangan sayyohlar 10-14 kun davomida mehmonxonalarning maxsus xonalarida saqlanadilar va xarajatlar sug`urta hisobiga qoplanadi.
Sug`urtaga ega bo`lmagan sayyohlar mehmonxonada turar joy uchun to`lovni o`z xisoblaridan koplaydilar yoki hududlardagi maxsus bepul karantin markazi(asosan talabalar yotoqxonalari)ga yuboriladi (misol uchun, Istanbul shahrida Maltepa tumanida joylashgan “Mimar Sinan” nomidagi yotoqxona karantin markazi sifatida xizmat qiladi).
COVID-19ga chalingan sayyohlarning bepul karantin markaziga joylashtirish masalasi viloyat gubernatorligi tomonidan belgilanadi. O`z o`rnida, Turkiyaning Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotiga ko`ra, yangi o`quv mavsumi boshlanishiga tayyorgarlik munosabati bilan yaqin davrda ushbu markazlar yopilishi kutilyapti.
COVID-19ga chalingan shaxslar 10-14 kundan so`ng PZR testini qayta topshirishlari va test natijasi “manfiy” chiqqan taqdirda uchib ketishlari mumkin bo`ladi. Virusni yuqtirgan davrdan to to`liq tiklanishgacha bo`lgan jarayon Turkiyaning «Hayat Eve Sığar» (HES-kod) dasturi orqali nazorat qilinadi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, Bosh konsulxona yana bir bor Turkiyaga kelishni rejalashtirgan fuqarolarimizga tibbiy sug`urta rasmiylashtirishlarini tavsiya qiladi hamda sug`urta agentlaridan koronavirus yuqtirish holatlarida aniq harakatlar tartibini o`rganishga chaqiradi.






